12:35 / 11.04.2016
1749

O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini avtotransport vositasida olib chiqishga ruxsat berdi

O‘zbekiston hukumati 2016 yil 1 aprelidan boshlab, 2015 yil 1 sentabridan meva-sabzavot mahsulotlarini faqat temiryo‘l va aviatransport vositasida tashishni belgilab qo‘ygan avgust oyidagi qaroriga o‘zgartirishlar kiritdi.

Unga ko‘ra, 2016 yil 1 iyulidan boshlab, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari yordamida meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz ekinlari va uzumni tashishga yo‘l qo‘yiladi. Buning uchun, ularda avtomobil transporti yordamida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish litsenziyasi bo‘lishi talab etiladi.

Umuman, 2015 yilda O‘zbekistonda dehqonlar mehnati samarasi natijasida jami 12 million 592 ming tonna meva-sabzavot hosili olingan. Jumladan, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum, 2 million 731 ming tonna meva yetishtirilgan.

Vazirlar mahkamasining yanvar oyida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan majlisida, davlat rahbari ushbu ma'lumotlarni keltirgan edi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatdan yiliga o‘rtacha 550-600 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.

Top