09:37 / 12.04.2016
1691

«Lester» moliyaviy fair play qoidalarini buzishda ayblanib, jazolanishi mumkin

Angliya professional futbol ligasi APLda yetakchilik qilayotgan «Lester» jamoasining moliyaviy fair play qoidalarini buzgan bo‘lishi ehtimoli yuzasidan tekshiruvlar olib bormoqda.

«Tulkilar» 2013-14 yillar mavsumi yakunida chempionship g‘olibligini qo‘lga kiritib, premer-ligaga yo‘l olganida moliyaviy fair play qoidalarini buzganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda The Guardian xabar berdi.

Jamoa prezidenti, King Power kompaniyasi egasi bo‘lmish tailandlik tadbirkor Vichay Shrivadxanaprabxa klubni 2010 yilda sotib olgan va shu kungacha unga 100 million funt sarflagan.

Manbaning yozishicha, 2014 yilning yanvarida «Lester» rahbariyati Trestellar Ltd kompaniyasi yordamida klub brendini Buyuk Britaniya va Janubi-Sharqiy Osiyoda ommalashtirish bo‘yicha kelishuvga erishdi va bundan tijoriy daromad hamda homiylik mablag‘larini ishlay boshladi. «Lester» 2013 yilni 34 million funt zarar bilan yakunlagandi, ammo homiylik mablag‘lari (11 mln funtga yaqin) hisobiga byudjyet defitsitini kamaytirishga erishildi.

«Lester»ning 2014-15 yilgi moliyaviy hisobotida Trestellar Ltd kompaniyasi King Power kompaniyasiga o‘z logotipini o‘yin formasiga tushirishga va «Uokers» stadionini qayta nomlash huquqini sotgani ko‘rsatilgan.

Ammo Shrivadxanaprabxa reklama va stadion nomlanishidan Trestellar Ltd bilan kelishuvdan oldin foydalanib bo‘lgan. 2012-13 yillar mavsumida jamoaning homiylik shartnomasidan olgan mablag‘i 5,2 million funtni tashkil etgan, Trestellar Ltd bilan kelishuvdan keyin bu miqdor 10,8 million funtga ortgan va 16 million funtga yetgan. Bu esa liganing e'tiborini tortgan.

Nashrning yozishicha, Trestellar Ltd katta ehtimol bilan soxta bo‘lib chiqadi, bu kompaniyaning ofisi, veb-sayti va telefon raqamlari haqida ma'lumotlar yo‘q.

«Lester»ga qanday jazo tahdid qilayotgani haqida aniq aytilmagan.

«Lester» rahbariyati hech qanday qoidalarni buzmaganini ta'kidlamoqda va sanksiya qo‘llanishidan xavotir olmayapti. Bu boradagi tekshiruvlar chempionshipning boshqa jamoalari shikoyati bilan boshlangan. Ular «Lester» o‘z futbolchilariga to‘lagan maosh jamoa daromadlaridan ko‘ra ko‘proq bo‘lganini ta'kidlashgan.

Jamoa 2013-14 yillar mavsumida futbolchilar maoshi uchun 36 million funt sarflagan - bu daromadlardan 5 millionga funt ko‘proq degani. O‘shanda jamoada darvozabon Kasper Shmeyxel, sardor Ues Morgan, hujumchi Jyeymi Vardi bo‘lgan. Mavsum yarmida, qishki transferlar vaqtida 560 ming funt evaziga «Gavr»dan Riyod Mahrez sotib olingan. «Lester»ning ma'lum qilishicha, APLga chiqqanlik uchun 9,4 million funt futbolchilarga mukofot sifatida berilgan.

Moliyaviy fair play qoidasi UYeFA tomonidan 2009 yil sentabrida taklif etilgan va 2011 yildan boshlab joriy qilingan. 2013-14 yillar mavsumida jamoalar o‘z daromadlaridan ortiq miqdordagi mablag‘lar sarflamasligi kerakligi belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, har yili jamoalarning keyingi 2 yildagi ko‘rsatkichlari tekshirib boriladigan bo‘ldi.

Top