11:41 / 12.04.2016
15371

Parlament nazorati to‘g‘risida qonun qabul qilindi

2016 yil 11 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekdi. Qonunning rasmiy matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida e'lon qilingan.

"Mazkur Qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 10 martda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2016 yil 31 martda ma'qullangan edi", deya ma'lumot beriladi xushnudbek.uz sayti xabarida.

Ushbu qonunning maqsadi parlament nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonun 28 moddadan iborat.

Qonunga ko‘ra, parlament nazorati sub'yektlari quyidagilardan iborat:

  • - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi;
  • - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati;
  • - Qonunchilik palatasining, Senatning qo‘mitalari, komissiyalari;
  • - Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar guruhi;
  • - Qonunchilik palatasi deputatlari;
  • - Senat a'zolari;
  • - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman).

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlisi palatalarining va ular organlarining qarorlarini, davlat dasturlarini ijro etish, shuningdek o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalar hamda funksiyalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati parlament nazorati obektidir.
Parlament nazorati obekti

Tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning, surishtiruv va tergov organlarining, surishtiruv va tergov organlarining, sudlarning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarni, shuningdek ijro ishi yuritish hamda notarial ish yuritishning muayyan materiallarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyat parlament nazoratining obekti bo‘lishi mumkin emas.

Parlament nazorati shakllari quyidagilardan iborat:

  • navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjyetini, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjyetlarini hamda soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini qabul qilish, shuningdek Davlat byudjyeti ijrosining borishini ko‘rib chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma'ruzasini ko‘rib chiqish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini eshitish;
  • Qonunchilik palatasi, Senat majlislarida hukumat a'zolarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini eshitish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotini eshitish;
  • parlament so‘rovi;
  • Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a'zosining so‘rovi;
  • Qonunchilik palatasi, Senat qo‘mitalari tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotini eshitish;
  • qonun hujjatlarining ijrosi holatini, huquqni qo‘llash amaliyotini Qonunchilik palatasining, Senatning qo‘mitalari tomonidan o‘rganish va qonun osti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan ular tomonidan monitoringni amalga oshirish;
  • parlament tekshiruvi.

Parlament nazorati qonunga muvofiq boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin. Qonunda parlament nazoratining har bir shakliga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish

Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, mamlakatda qonun ustuvorligi va qonuniylikni, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha ular ishining samaradorligini oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalari tomonidan Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tuziladi.

Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasining faoliyatini tashkil etish tartibi Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bilan belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori har yili Senatga hisobot taqdim etadi, hisobot Senatning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisoboti dastlabki tarzda Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisobotini eshitish yakunlari bo‘yicha Senat qaror qabul qiladi, qaror O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuboriladi.
Mazkur Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran, ya'ni 2016 yil 12 apreldan kuchga kiradi.

Top