12:07 / 14.04.2016
3442

Toshkentda ShHT Xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvida terrorizmga qarshi kurash masalasi muhokama qilinmoqda

O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotida raisligi doirasida 13 aprel kuni Toshkentda ShHTga a'zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining o‘n birinchi uchrashuvi boshlandi. 14 aprel kuni ham davom etgan uchrashuvda transmilliy tahdidlar, jumladan, terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar tashish, transchegaraviy jinoyatchilik bilan kurash masalalari va Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilinmoqda.

Yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov Qozog‘iston Respublikasi prezidenti yordamchisi – Xavfsizlik kengashi kotibi N.Ermekbayev, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a'zosi - jamoat xavfsizligi vaziri Go Shenkun, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, Qirg‘iziston Respublikasi Mudofaa kengashi kotibi T.Jumaqadirov, Tojikiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Abdurahim Qaxxarov bilan uchrashdi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) mintaqaviy xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlik tashkilot bo‘lib, 2001 yilning 15 iyunida Xitoyning Shanxay shahrida Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishtirokida tuzilgan.

Tashkilot faoliyati 1996 yilda Rossiya va Xitoy davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikdan boshlangan. Shu yili ShHT a'zoligiga Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va 2001 yilda O‘zbekiston kelib qo‘shilgan.

ShHTning kuzatuvchi davlatlari safiga Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston va Pokiston kiradi. 2015 yilda Hindiston va Pokistonni tashkilot safiga qabul qilish bo‘yicha jarayon boshlandi. 2015 yilda tashkilotning Ufada o‘tkazilgan sammitida ShHT raisligi O‘zbekistonga o‘tgandi. 2016 yilning 23-24 iyun kunlari Toshkentda navbatdagi sammit o‘tkaziladi.

Xavfsizlik kengashlari kotiblari majlislari O‘zbekiston tashabbusiga ko‘ra tashkil etilgan bo‘lib, birinchi uchrashuv 2004 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgandi. Ushbu uchrashuvlar xavfsizlik borasidagi vaziyatni o‘rganish, tahlil qilish va baholash, ShHT mamlakatlarining xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish, ular o‘rtasidagi siyosiy muloqotni chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur muloqotlar doirasidagi muzokaralar an'anaviy va yangi tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarish yuzasidan yakdil va o‘zaro maqbul yondashuvlarning ishlab chiqilishiga xizmat qiladi.

8 aprel kuni O‘zbekiston poytaxtida ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (ShHT MATT) Kengashining navbatdagi yigirma sakkizinchi majlisi ham bo‘lib o‘tdi. Majlisda ShHTga a'zo davlatlarning terrorizm, separatizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 2013—2015 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish yakunlari hamda boshqa hujjatlar ijrosi muhokama qilindi. 2016 yilning to‘rtinchi choragida ShHTga a'zo va kuzatuvchi davlatlar delegatsiyalari ishtirokida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazishga kelishildi.

Top