12:23 / 15.04.2016
2086

Davlat kursida valyuta olib bermoqchi bo‘lgan firibgarlar faoliyatiga chek qo‘yildi

“Huquq” nashri Davlat kursida valyuta olib bermoqchi bo‘lgan firibgarlar qilmishi haqida yozdi.

Sherzod kirakashlik qilib yurib, mashinasiga o‘tirgan Muhayyo bilan tanishib qoladi. Qizning yolg‘ondan bankda ishlashiga ishonib, kunlardan bir kun qizga “300 dollar kerak edi, davlat kursida bankdan olib bera olmaysizmi?”, deydi. “Mayli pulingizni olib kelavering”, deya xotirjam gapni tugatadi qiz.

Sherzod Muhayyoga 960 ming so‘m olib keladi. Qiz pulni olarkan, “Tayyor bo‘lsa aytaman”, dedi. So‘ng shahardagi “qora bozor”ga tushib, o‘zidan qo‘shib tanishi Shuhrat In'omovdan 300 AQSh dollari sotib olib, uni yigitga berdi. So‘ngra Sherzodga rejasini aytdi, yigit esa uni ma'qulladi. Uning kirakashligi foyda berib, tezda pulini AQSh dollariga aylantirmoqchi bo‘lganlar ko‘payib ketdi.

Ularning to‘riga dastlab Ilyos Oblaqulov tushdi. Sherzodning “Bankda tanishim bor, pulingizni dollarga almashtiramiz”, deganiga laqqa tushib, 30 mln. 900 mingni tutqazib yubordi. Pul esa jinoiy sheriklar o‘rtasida taqsimlandi.

Keyingisi Javlon Qosimov bo‘ldi. Uning ishonuvchanligi 50 mln. 750 ming so‘mning firibgarlar qo‘liga tushishiga sabab bo‘ldi.

Tez orada ular fuqarolar — Barno Ibragimovadan 3 mln. 150 ming so‘m, Sanjar Xudoyqulovdan 7 mln. 350 ming so‘m, Feruza Ismoilovadan 18 mln. 500 ming so‘m, Ulug‘bek Hayitovdan 5 mln. 250 ming so‘m, Ozod Musurmonovdan 16 mln. 100 ming so‘m, Otabek Hidirovdan 8 mln. 50 ming so‘m, Yorqin Mamatqulovdan 7 mln. so‘m, Ikandar Odilovdan 9 mln. 45 ming so‘m miqdoridagi pullarni olishga ulgurishdi.

Oxir-oqibat firibgarlarning tuzog‘iga ilingan fuqarolar bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qildi.

Sud Sherzod Abdullayevni 7 yil, Muhayyo Yodgorovani 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Ularga sheriklik qilgan Shuhrat In'omov esa eng kam ish haqining 200 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

Top