17:44 / 16.04.2016
6843

Rejissyor Yodgor Mirzajonovni bo‘rilar to‘dasi quvganini inkor etdi

Rejissyor Akrom Isoqov yangi — “96 soat” nomli filmga qo‘l urdi. Film vaqti 2 soatdan iborat bo‘lib, “film serial tarzida suratga olindi”, “Yodgor bo‘rilar taqibiga uchradi” kabi mish-mishlarni uning rejissyori Akrom Isoqov inkor etdi.

Akrom Isoqov: — Filmda hayotda ro‘y berayotgan adolatsizliklar, oqibatsizliklar va dahmazalardan qochib, buvisinikiga ketayotgan Zokir o‘rmon ichida adashib qoladi. Shunda to‘satdan jarlik ichiga tushib ketib, 96 soat davomida qolib ketadi. Aslida odam jarlik ichida bir haftadan ortiq yashay olmaydi.
Xo‘sh, unda film qahramoni Zokir jarlik ichida qanday qilib 96 soat yashay oldi?

Bu savolga, albatta, filmni ko‘rgach javob topasiz.

— Film orqali sevgi-muhabbat, boy va kambag‘al mavzularidan farqli o‘laroq ayni paytda oramizda ko‘tarilib borayotgan mehr-oqibat, o‘z baxtsizligimizga ko‘proq o‘zimiz sababchi bo‘lishimiz haqida aytmoqchi bo‘ldik, deydi rejissyor biz bilan bo‘lgan eksklyuziv suhbat davomida.

Filmda bosh rollarni xonanda Yodgor Mirzajonov hamda poytaxtimizdagi Abdulla Qahhor nomli Satira teatrida faoliyat yuritib kelayotgan aktrisa Barchin G‘ofurova ijro etgan. Shuningdek, rollarda artistlardan Yodgor Mirzajonov, Bekzod Muhammadkarimov, Karim Mirxodiyev, Lola Eltoyeva, Dilmurod Qambarov, Elyor Nosirov va Mahfuza Bobotillayeva kabi aktyorlarni uchratishingiz mumkin. Operator Xusan Aliyev.

Ayni paytda filmning montaj ishlari yakunlangan. Tez orada “Yoshlar” telekanali orqali tomosha qilishingiz mumkin.

— Filmni suratga olish jarayoni Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi “Sanganak” qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Suratga olish davomida albatta, turli murakkab xodislarga duch keldik. Ba'zi saytlar “Yodgor Mirzajonovni bo‘ri quvibdi”, deya bir oz oshirib yuborishibdi, bunday bo‘lmadi. Aslida filmda bo‘rilar kadrini qo‘shish niyatimiz ham yo‘q emasdi. Ammo bo‘rilarni o‘rgatish juda qiyin va xavfli bo‘lganligi bois bu fikrdan qaytdik. Jarlik tasvirlari bir oz ishonarli chiqishi uchun suratga olish jamoasi Sanganak qishlog‘i aholisi bilan birgalikda 10 m dan iborat chuqurlik qazishga to‘g‘ri keldi. Zokir — Yodgor Mirzajonov rostdan ham shu chuqurlikka tushib ketadi. Ayrim murakkab holatli kadrlarni kaskadyor yordamida suratga oldik. Chuqurlikdan chiqishga har qancha urinmasin, tuproq juda mayin bo‘lgani uchun uddasidan chiqolmaydi. Shunda 96 soat davomida jarlikda qolib ketib, hayotda o‘zi tutgan yo‘lning qay darajada to‘g‘ri va noto‘g‘riligi, bosib o‘tgan umr yo‘llarini o‘zicha tahlil qilib ko‘radi, — deydi rejissyor.

Film Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda suatga olindi. O‘ylaymizki, film va unda ko‘tarilgan mavzu muxlislarga manzur bo‘ladi.

Feruza Nodirova (jurnalist va prodyusser): —
— Yodgor filmda ayrim kadrlarni ijro etishda bir oz qiynaldi, yiqilib, yuzlari shilinib ketdi. Yodingizda bo‘lsa, Yodgor Mirzajonov ilk marotaba “Sevgi fazosi” filmida ijro etgan edi. Bugungacha rejissyorlardan tushgan takliflar ma'qul bo‘lmagani bois hech qanday filmda o‘ynamadi.

“96 soat” nomli filmdagi roli esa uning aktyorlik mahoratidagi ochilmagan qirralarini namoyon etadi degan umiddamiz.

Top