20:32 / 17.04.2016
12795

«Eski firmalar derbisi»: «Reyndjers» penaltilar seriyasida «Seltik»ni yengdi va Shotlandiya Kubogi finaliga chiqdi

Glazgodagi «Hempden Park» stadionida mahalliy «Reyndjers» jamoasi Shotlandiya Kubogi yarim finali doirasida «Seltik»ni qabul qildi. «Eski firmalar derbisi» maqomini olgan bu uchrashuv mezbonlarning penaltilar seriyasidagi g‘alabasi bilan yakunlandi (2:2, penaltilar bo‘yicha 5:4).

Jamoalar bo‘limlar boshida bittadan gol urishdi. Hisob «Seltik» hujumchisi Kenni Miller tomonidan 16-daqiqada ochilgan bo‘lsa, «Reyndjyers» ikkinchi taymning 4 daqiqasi o‘tib borayotgan vaqtda hisobni tenglashtirdi. Gol Erik Svyatchenko hisobiga yozildi.

Shundan so‘ng hakam jamoalarni qo‘shimcha bo‘limlarga taklif qildi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham jamoalar bittadan gol urishdi. Avvaliga, 96-daqiqada mezbonlar tarkibida Berri Makkey raqib darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, 10 daqiqa o‘tib Tom Rogich hisobni tenglashtirdi.

Penaltilar seriyasida «Glazgo» vakillari omadli chiqishdi va 5:4 hisobida g‘alaba qozonib, 2009 yildan buyon birinchi marta turnir finaliga yo‘l oldi.

Shotlandiya Kubogi finalida «Reyndjers» «Xaybernian» bilan o‘ynaydi. Bu jamoa yarim finalda «Dandi Yunayted»ga qarshi o‘ynagan va penaltilar seriyasidagi g‘alaba orqali finalga chiqqan (0:0, penaltilar bo‘yicha 4:2).

Eslatib o‘tamiz, «Glazgo Reyndjers» joriy mavsumda Shotlantdiyaning quyi ligasida muddatidan oldin chempion bo‘ldi va Shotlandiya Premer-ligasiga qaytdi. Bir hafta oldin glazgoliklar Shotlandiya ligasi Kubogi finalida «Piterhed»ni 4:0 hisobida yenggandi.

«Reyndjers» 54 marta Shotlandiya chempionligiga erishgan.

Mamlakat tarixidagi eng sovrindor jamoa bo‘lgan «Reyndjers» 2011/12 yillar mavsumidan beri ilk marta premer-ligaga qaytmoqda. 4 yil oldin Shotlandiya futbol assotsiatsiyasi va Shotlandiya premer-ligasi qaroriga ko‘ra «Reyndjers» moliyaviy muammolar tufayli eng quyi ligaga tushirib yuborilgandi (darajasi bo‘yicha to‘rtinchi liga).

Shotlandiya Kubogi. Yarim final
«Glazgo Reyndjers» — «Seltik» - 2:2 (penaltilar bo‘yicha 5:4)

Top