11:43 / 21.04.2016
1384

OAV: Volkswagen va AQSh "dizel mojarosi" yuzasidan kelishuvga erishdi

Volkswagen konsernining noaniq dastur o‘rnatilgan mashinalarini xarid qilgan AQShdagi mijozlari, tovon puli sifatida 5 ming dollardan olishadi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi va Amerika hukumati o‘rtasida erishilgan kelishuvga shu mazmundagi band ham kiritilgan, deb xabar qilmoqda Welt gazetasi o‘z saytida.

"Bundan tashqari, Volkswagen har bir avtomobil dasturini yangilash uchun to‘lovni ham qoplaydi", — deb yozadi gazeta, muzokaralar jarayoniga aloqador manbasiga tayangan holda.

Mazkur ish yuzasidan talab etiladigan hujjatlar ushbu mojaroga mas'ul sudya Charlz Breyyerga taqdim etiladi.

O‘z navbatida, Associated Press agenligining xabar qilishicha, Volkswagen AQShda sotilgan 600 mingga yaqin mashinasi egalariga 1 mlrd dollardan ortiq tovon puli to‘lashga tayyor.

Amerika hakami Charlz Breyyer, avtokonsern va AQSh hukumatiga 21 aprel kuni vaqtinchalik choralar dasturini taqdim etish va unda tovon summasini aniq ko‘rsatishni shart qilib qo‘ygan edi.

Volkswagen’ning dizel mashinalariga AQShning ekologik talablarini chetlab o‘tish imkonini beruvchi dasturlar o‘rnatilgani fosh bo‘lgach, nemis avtokonserni mojaro markazida qolgan edi.

Shundan so‘ng, Yevropa va Osiyoning turli mamlakatlarida avtogigantga nisbatan surishtiruv ishlari boshlanib ketgan, inqirozga barham berish maqsadida, konsern 6,7 mlrd yevro miqdorida mablag‘ ajratishga majbur bo‘lgandi.

Top