Jamiyat | 22:17 / 22.04.2016
5668
3 daqiqa o‘qiladi

«Xayr, tramvay. Balki vaqti kelib qaytarsan, lekin baribir - xayr»

Toshkentliklar tez orada barcha yo‘nalishlardagi qatnovi butunlay to‘xtatiladigan tramvay bilan xayrlashmoqda. Shahar ahli 21 aprel kuni oxirgi marta 9 va 13-tramvaylarda sayr qilish uchun kelishdi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oxirgi marta tramvayga chiqib, oxirgi olingan suratlarni o‘z sahifalariga joylashtirishib, shahar tramvayiga so‘nggi so‘zlarini yo‘llashmoqda.

«Xayr, tramvay. Vaqti kelib balki yangilashar, boshqa turdagini qo‘yishar, lekin baribir - xayr. Bach Hoosier ning seni saqlab qolish uchun yozgan juda ko‘plab postlarini o‘qib bordim shu kunlarda. Bir ustozimning aytishlaricha, seni ketishing elektr energiyamizni tejashga yordam berarkan. Bilmadim... Sog‘inib qolamiz. Bizdan xafa bo‘lma», deya yozadi 9-tramvayning sobiq yo‘lovchisi.

Facebook foydalanuvchilaridan yana biri oxirgi qatnovdan qaytayotgan 9-tramvay vagonini ichkaridan va tashqaridan suratga olib, o‘z sahifasiga joylashtirgan.

«Toshkent tramvayi bilan vidolashish», — deb izoh berdi u fotosuratlarga.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri hokimiyati Toshkent shahridagi 6ta tramvay yo‘nalishlari faoliyati to‘xtatilishi haqida mart oyi oxirida ma'lum qilgandi.

12 aprel kuni Toshkent shahrida №12 yo‘nalishi («Beshqayrog‘och» dahasidan «Beruniy» metrosigacha) va №26 yo‘nalishi («Qo‘yliq-6» dan «Toshkent» vokzaligacha) bo‘yicha harakatlanadigan tramvaylar harakati to‘xtatildi.

22 apreldan esa Toshkent shahridagi 9- va 13-tramvay yo‘nalishlarining ishi butunlay to‘xtatildi.

17- va 8-tramvaylar ishi taxminan 1 iyunga qadar davom etadi.

Shu tariqa, shaharda 115 yildan buyon harakatlanib kelayotgan tramvaylar 2010 yilning bahorida yopilgan trolleybuslar ortidan tarixga aylanmoqda. Buning sababi sifatida ularning jamoat transportining boshqa turlariga nisbatan «samarasiz» ekanligi keltirilgan.

Shu oydan boshlab tramvaylar harakatlangan yo‘nalishlarda mos ravishda T8, T9, T13 kabi avtobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishlarda Isuzu avtobuslaridan foydalanilmoqda. Sentyabr oyi oxirigacha shahar hokimiyati 80ta shunday avtobuslar sotib olib, har bir yo‘nalishga 10tadan 18tagacha avtoulov qo‘yishni rejalashtirgan.