16:51 / 23.04.2016
1491

Hindistonda 2 hafta ichida 220dan ortiq kishi jazirama qurboniga aylandi

O‘tgan ikki hafta ichida Hindistonda 220dan ortiq kishi issiq iqlim qurboniga aylandi, 330 milliondan ortiq aholi iste'mol suvi yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda. Bu haqida 23 aprel kuni mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumot berdi.

"Eng og‘ir vaziyat janubiy shtatlar - Odish, Telangan va Andhra-Pradeshda yuzaga kelgan, bu yerda oxirgi ikki hafta ichida 220 nafar kishi halok bo‘ldi", - deyiladi manbada.

Odishda mamlakatdagi eng yuqori harorat qayd etildi - Tselsiy bo‘yicha 47,5 gradus.

Hindiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, mamlakat hududining aksariyat qismida o‘ta issiq harorat kuzatilib, iste'mol suvi tanqisligidan 256 okrug aholisi azob chekmoqda. U yerlardagi aholi soni 330 milliondan ortiq bo‘lib, bu mamlakatning chorak aholisini tashkil etadi.

Hindiston meteorologiya markazi bu yilgi yoz oxirgi 100 yil ichidagi eng issig‘i bo‘lishini taxmin qilmoqda.

So‘nggi ikki yilda yomg‘ir mavsumida yog‘ingarchilikning kamligi ham vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Hukumat vakillari mamlakatda favqulodda vaziyat e'lon qildi. Aholiga issiq avjiga chiqqan vaqtda, ya'ni soat 11:00-13:00 oralig‘ida uylarini tark etmaslik msalahat berildi, punktlarda iste'mol suvi va zardob tekin tarqatilmoqda.

Mutaxassislar misli ko‘rilmagan issiq haroratni mahalliy anomaliya va El-Ninoning kuchli ta'siri bilan izohlashmoqda.

Top