09:45 / 23.04.2016
1357

WSJ: Kurdlar bilan yaqinlashuv Rossiyaning Yaqin Sharqdagi ta'sirini kengaytirmoqda

Rossiyaning Suriya va Iroq hududida kurdlar bilan yaqinlashuvi uning Yaqin Sharqdagi ta'sir doirasini kengaytirishi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal nashrida yozilgan.

Nashrning qayd etishicha, Rossiya kurdlar bilan yaqinlashuvidan maqsad ularga qurol va o‘q-dori yetkazib berish hamda ular bilan neft bo‘yicha kelishuvlar tuzish hisoblanadi. Bu yaqinlashuv "AQShning bu etnik guruh bilan qalin munosabatlariga putur yetkazishi" va Moskvaning bu hududdagi ta'sirini kengaytirishi mumkin.

AQSh kurdlarni mintaqada IShIDga qarshi kurashdagi asosiy ittifoqchisi sifatida biladi. Bu vaqtda Rossiya Vashingtondan yordam olmay qo‘ygan kurdlarni qo‘llab-quvvatlamoqda.

WSJ nashrining yozishicha, amerikalik siyosatchilar hududda Rossiyaning ta'siri kengayishidan tashvishlanib, hukumatni o‘z ittifoqchilariga moddiy yordam jo‘natishda davom etishga chaqirmoqda.

Siyosatshunos Mark Kattsning qayd etishicha, "AQSh buni qilishni rejalashtirmagan bo‘lsa ham" rasmiy Vashington hududda Rossiya ta'siri oshmasligi uchun kurdlarga qurol yetkazib berishni davom ettirishi mumkin.

Bundan oldinroq, Suriyadagi kurdlar vakillari rossiyalik harbiylarining mamlakatda mavjudligi tinchlik uchun xizmat qilishi haqida chiqish qilgandi.

Top