16:09 / 26.04.2016
2239

Android-smartfon foydalanuvchilari yangi virusga duch kelishdi

Android (4.0.3 dan 4.4.4 gacha) eski operatsion tizimiga ega smartfon foydalanuvchilari yangi virusga duch kelishdi. Virus uskuna ekranini bloklaydi va uni ochish uchun gadjyet egasidan pul talab qiladi. Bu haqda The Blue Coat Labs Amerika kompaniyasining rasmiy blogida ma'lum qilindi.

Tahdidni kompaniya xodimi Endryu Brandt sezib qoldi. Unga ko‘ra, zararlangan gadjyetga ziyon tashuvchi ilova o‘rnatiladi. Undagi Cyber.Police troyani uskunaning ekranini bloklaydi.

Ilova o‘rnatilgach, Cyber.Police smartfon egasidan ikkita – har biri 100 dollarlik - Apple iTunes sovg‘a kartalarini sotib olishni taklif etadi. To‘lovning ushbu usulini xakerlar bank hisob raqamini e'lon qilmaslik uchun tanlagan.

Ma'lum bo‘lishicha, gadjyet brauzer sahifalaridagi reklamalar orqali virus yuqtirib oladi.

Brandtning so‘zlari bo‘yicha, ilova foydalanuvchiga aloqasi bo‘lmagan holda o‘zi bevosita o‘rnashib oladi. Biroq virusdan qutulish yo‘li ham bor, buning uchun smartfon sozlamalarini zavoddan chiqqan holatiga yangilab yuborishning o‘zi yetarli. Shu o‘rinda zararlangan gadjyetdagi ma'lumotlarni xavfsiz ravishda kompyuterga ko‘chirib olish mumkin.

Top