09:42 / 26.04.2016
4372

Chernobil AES falokatiga 30 yil to‘ldi

Dunyo atom energetikasi tarixidagi eng yirik fojia Chernobil atom elektrostansiyadagi avariyaga 30 yil to‘ldi. 1986 yil 26 aprelga o‘tar kechasi ChAES to‘rtinchi blokida turbogenerator sinovi o‘tkazilayotgan edi. Shu maqsadda reaktorni to‘xtatish rejalashtirilgan, bundan avval, avariya holatida ishga tushadigan favqulodda sovutish tizimi rejaga muvofiq o‘chirilgandi. Ammo, reaktorni xavfsiz to‘xtatish imkoni bo‘lmadi va energoblokda sodir bo‘lgan portlash yong‘inga olib keldi.

Portlash natijasida butunlay vayron bo‘lgan reaktordan atrof-muhitga katta miqdorda radioaktiv moddalar tarqaldi. Xususan, uran, plutoniy, yod-131, seziy-134, seziy-137, stronsiy-90 moddalari AES hududidan bir necha o‘n kilometrga yetib bordi.

Fojia sabablari borasida bir necha taxminlar mavjud. AES xodimlarining turbogenerator sinovida jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygani yoki "reaktorning qurilish chog‘ida nuqsonlarga ega bo‘lgani" shunday sabablar sirasiga kiradi.

Halokatdan so‘ng, AES atrofi bo‘ylab 30 kilometrlik hududdan 115 mingga yaqin kishi majburiy ravishda ko‘chirildi, 5 mln gektarga yaqin yer qishloq xo‘jaligi hisobidan chiqarildi, yuzlab kichik aholi punktlari og‘ir texnikalar yordamida ko‘mib tashlandi.

Top