08:11 / 26.04.2016
1707

Eron AQShga qarshi xalqaro sudga da'vo arizasi topshirmoqchi

Tehron AQSh tomonidan Eronning muzlatilgan 2 mlrd dollar pulini ishlatgani holati bo‘yicha Vashingtonga qarshi xalqaro jinoyat sudiga da'vo arizasi tayyorladi. Bu haqda Eron prezidenti ma'muriyatining xalqaro huquq markazi vakili Muhammad Jahromiy ma'lum qildi.

Avvalroq AQSh oliy sudi Eron markaziy bankiga 2 mlrd dollarni qaytarishni rad etgandi va bu pullar 1983 yilda Bayrutdagi terakt va boshqa teraktlarda halok bo‘lgan amerikaliklar oilalariga berilishi kerakligi haqida qaror chiqargan.

"Eron xalqaro sudga o‘zining huquqlarini tiklash uchun murojaat qilishi mumkin. Buning uchun Eron tomonidan AQSh oliy sudining Eronni 2 mlrd dollarga jarimaga tortish qarori yuzasidan xalqaro sudga beriladigan da'vo arizasi tayyorlandi", deb aytilmoqda Eron prezidenti ma'muriyati saytida.

Mingdan ko‘proq amerikaliklar ularning fikricha Eron ishtirok etgan deb hisoblanadigan terakt uchun kompensatsiyalar talab qilgan. 1983 yil 23 oktabrda Bayrutda amerikalik tinchlikparvar askarlar kazarmalari terrorchilik hujumiga uchragan. O‘shanda 241 amerikalik harbiy, umumiy hisobda esa Livandagi fuqarolik urushida BMTning missiyasini bajarayotgan 300 dan ko‘proq askar halok bo‘lgan.

Eron AQSh Davlat departamenti tomonidan 1984 yil 19 yanvardan terrorchilikka homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Top