10:27 / 26.04.2016
1645

Groysman Ukraina yangi hukumatining uch asosiy vazifasini ma'lum qildi

Ukraina bosh vaziri Vladimir Groysmanning ma'lum qilishicha, yangi hukumat yil oxirida mamlakatni rivojlantirishning strategik dasturini e'lon qiladi, ammo hozircha 3ta asosiy yo‘nalish aniqlab olingan.

"Vazirlar mahkamasi, birinchi navbatda, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishi, iqtisodiy o‘sishni ta'minlashi va ijtimoiy adolatni tiklashi lozim. Mana shular fuqarolar turmush darajasini oshirishga yordam beradi", — degan bosh vazir ICTV telekanalidagi chiqishida.

Groysmanning qayd etishicha, Ukraina strategik maqsadi — Yevropa va transatlantik integratsiyadir. Uning so‘zlariga ko‘ra, buning uchun mamlakat rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan barcha salbiy ko‘rinishlar, xususan, korrupsiyadan qutilish darkor. Shu bilan birga, bosh vazir ukrain bojxonasining yashirin faoliyati va samarasiz davlat boshqaruvini tanqid qilgan. "Davlat chuqur islohotlarga muhtoj", — degan Ukraina bosh vaziri.

Groysmanning fikricha, sud va ta'lim sohasida islohotlar o‘tkazish, qulay biznes sharoiti yaratish, davr talabiga mos soliq islohoti hamda milliy iqtisodiyotni tiklash kabi masalalar ham Vazirlar Mahkamasi hal etishi lozim bo‘lgan muhim yo‘nalishlardan hisoblanadi.

Top