09:06 / 26.04.2016
1694

«Lester» 1 may kuniyoq Angliya chempioni bo‘lishi mumkin

«Lester» jamoasi APLning 2015/16 yilgi mavsumi turnir jadvalida 1 may kuni o‘tkaziladigan 36-tur uchrashuvlaridan keyinoq birinchi o‘rinni naq qilib, muddatidan oldin mavsum chempionligini nishonlashi mumkin. Shu kuni jamoa «Manchester Yunayted» maydoniga safar qiladi va bu o‘yindagi 3 ochko «Lester»ning chempion bo‘lishini ta'minlaydi.

35-turda «Arsenal» «Sanderlend»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi va chempionlik poygasidan chiqdi. Ayni vaqtda «tulkilar»ni birgina «Tottenhem» ta'qib qilmoqda, lekin bu jamoa ham 35-turda «Vest Bromvich»ni yenga olmadi va o‘z imkoniyatlarini kamaytirib yubordi. Endilikda jamoa peshqadamdan 7 ochko ortda qolmoqda.

Qolgan 3 turda «Lester» «MYu», «Everton» va «Chelsi» jamolariga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi. «Tottenhem»ning raqiblari esa «Chelsi», «Sauthempton» va «Nyukasl».

Qayd etish kerakki, «Tottenhem»ning ashaddiy raqiblari «Chelsi» futbolchilari hamda muxlislari bu jamoaning chempion bo‘lishini umuman istamayapti. Avvaliga Fabregas, keyinroq Eden Azar shu haqda aytib o‘tishgan.

Eslatib o‘tamiz, «Lester» o‘tgan mavsumda 21 mart kunigacha, 30-turgacha chempionshipga tushib ketish hududida edi. Keyingi 9 turda esa 7 g‘alaba, 1 durang hamda 1 mag‘lubiyat qayd etilib, jamoa APLni 14-o‘rinda, chempion «Chelsi»dan 46 ochko ortda qolgan holda yakunlagandi. Bu mavsumda esa jamoa faqat 3ta mag‘lubiyat qayd etdi (2 marta «Arsenal»dan, 1 marta «Liverpul»dan).

Top