15:25 / 26.04.2016
1881

Malika Keytning to‘y ko‘ylagini yaratgan dizaynerni ko‘chirmachilikda ayblashdi

Britaniyalik dizayner Kristin Kendall Keyt Midltonning to‘y libosini tikkan Alexander McQueen modalar uyini ko‘chirmachilikda ayblab, sudga berdi. Bu haqda People xabar berdi.

Kendallning aytishicha, Alexander McQueen modalar uyida shahzoda Uilyamning turmush o‘rtog‘i uchun ko‘ylak dizaynini yaratishda aynan uning chizmalaridan foydalanishgan. Dizaynerning so‘zlari bo‘yicha, ko‘ylakka u yaratgan shaxsiy ishlanmalarning ayrim jihatlari ko‘chirilgan.

Kendall shuningdek, o‘z chizmalarini Britaniya qirollik oilasiga Uilyam va Keytning to‘y tantanasidan besh oy avval yuborganini va javob tariqasida 2011 yilning yanvar oyida unga minnatdorchilik bildirilganini ma'lum qildi.

Alexander McQueen modalar uyida Kendallning da'vosidan hayron ekanliklarini ma'lum qilishgan. Ularning aytishicha, dizayner 4 yil avval murojaat qilgan paytda kelishuvga erishilgan edi. Kelishuv Sara Berton yaratgan Ketrinning to‘y libosi Kendallning chizmalaridan ko‘chirilgan mazmunidagi harqanday ehtimolni yo‘qqa chiqarishi aytilgan.

Ular Keyt Kendallning chizmalarini ko‘rishmaganini bildirishgan.

Top