20:54 / 26.04.2016
2997

Rossiya va O‘zbekiston delegatsiyalari muzokaralari Kreml saytida translyatsiya qilindi

25 aprel kuni, Moskva vaqti bilan soat 16:15da Kremlda Vladimir Putinning O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov bilan rasmiy uchrashuvi boshlandi. Bu uchrashuv Kreml sayti tomonidan translyatsiya qilingan.

V.Putin: Hurmatli Islom Abdug‘aniyevich! Hurmatli do‘stlar! Sizlarni yana bir marta, endi rasmiy uchrashuvda qutlashga ruxsat bering.

Biz ikkimizda kecha norasmiy uchrashuvda bemalol o‘tirib, diplomatlar ta'biri bilan aytganda yuzma-yuz o‘tirib suhbatlashish imkoniyati bo‘ldi. Biz uch soat davomida ikki tomonlama munosabatlar, xalqaro holat va mintaqadagi vaziyat haqida batafsil gaplashdik (muhokama qildik).

Bugun biz diqqatni ikki mamlakatning xalqaro tashkilotlar doirasidagi faoliyatiga qaratamiz. Qaysiki, bu tashkilotlar bizni yanada yaqinroq qilgan. Men ShHTni, ya'ni keyingi vaqtlarda siz faol ravishda ishlayotgan tashkilotni nazarda tutmoqdaman.

Suhbat boshida yana bir marta ikki mamlakat orasidagi munosabatlar haqida aytib o‘tmoqchiman. Bizning iqtisodiy aloqalar dollar hisobida biroz kamaygan bo‘lsada (29 foizlik pasayish, 2015 yildagi ko‘rsatkich 2,18 mlrd dollar bo‘lgan - tahririyat), rubl va hajm hisobida u o‘sdi. O‘sish ushbu yilning birinchi choragida ham saqlanib qolmoqda.

O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib kelish hajmi ancha oshdi. Bunga har taraflama yordam berayotganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiramiz. O‘zbekistondan import qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi umumiy hisobda 10 foizga oshdi, ba'zi mahsulotlar bo‘yicha esa undan ham ko‘proq. Uzum importi hajmi 20 marta, sitrus mevalar importi hajmi esa 54 marta oshgan. Bu albatta, Rossiya bozori uchun kattagina ko‘rsatkich. O‘z navbatida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun Rossiya bozoriga chiqish ham katta imtiyoz.

Lekin biz faqat qishloq xo‘jaligi sohasidagina ishlayotganimiz yo‘q. Biz sanoat sohasida ham ishlayapmiz. Yuqori texnologiyali sohalarda hamkorlik qilishga esa alohida e'tibor qaratmoqdamiz. Umuman olganda muhokama qilish uchun mavzu ko‘p.

Sizni yana bir marta chin yurakdan qutlamoqchiman, biz Sizni ko‘rishdan juda xursandmiz. Xush kelibsiz!

Islom Karimov: Men kechagi suhbatimizdan to‘la mamnun bo‘ldim va bu shunchaki qoniqish hosil qilishgina emas. Men hisoblaymanki, ushbu suhbat agar bugun bo‘lmasa, ertaga albatta o‘z samarasini beradi. Chunki, bu suhbat ochiq ruhda o‘tdi va buni ham shunchaki ochiqchasiga suhbat deb atamagan bo‘lardim.

Biz o‘z suhbatimizni odatdagi diplomatik yo‘sinda olib bormadik. Ko‘proq ochiq-oydinlikka urg‘u qaratdik. Men bunday suhbatlarni juda yoqtiraman. Bunday suhbatlarda o‘z fikringni aniq va lo‘nda qilib ifodalash imkoni bo‘ladi va hech qanday uzundan-uzoq diplomatik iboralar o‘ylab topishning keragi bo‘lmaydi.

Haqiqatan ham, biz kecha uzoq vaqt uchrashmaganimiz sezildi, muhokama qiladigan mavzular ko‘payib ketgan edi.

Bu juda yaxshi, gaplashishga mavzu bor. Ayniqsa, hozirgi sharoitda, dunyoda ko‘p voqealar yuz berayotgan kunlarda. Bu jarayon nafaqat fikr bildirish balki davlatlarning pozitsiyasini aniqlab olishni talab etadi.

Biz O‘zbekistonda, O‘rta Osiyoda dunyoda bo‘layotgan voqealarning O‘rta Osiyoga bevosita ta'siri borligini sezib turibmiz. Biz bu haqda televideniye, internet va yangiliklardan ham har kuni eshitib turibmiz.

Afg‘oniston haligacha qarama-qarshilik sodir bo‘layotgan hudud. Aniqrog‘i, u yerda sekin kechayotgan urush bo‘lmoqda va bu urush haliveri to‘xtamayapti.

Agar ikki tomonlama munosabatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, siz ulardan batafsil xabardorligingiz uchun minnatdormiz. Kerak bo‘lganda yoki talab bo‘lganda, O‘zbekiston (Rossiyada) yetishmayotgan mahsulotlarni o‘rnini to‘ldirish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshiradi.

Siz aytib o‘tgan "bu marta"lar (ko‘rsatkichlar - tahr) nafaqat bizning imkoniyatlarimizni ko‘rsatadi, ular yana ko‘p narsa haqida aytib berishi mumkin. Axir bu oson emas-ku, mahsulot hajmini birdaniga 10 marta, yoki 20 marta oshirish.

Biz, albatta, ikki taraflama munosabatlarimizni nafaqat yetishmovchilik bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari sohasida, balkim boshqa sohalarda ham davom ettirishimiz mumkin. Moskva va Piterda uzum o‘smaydi-ku! Boshqa mevalarni aytmasa ham bo‘ladi.

Oxirgi vaqtlarda, Moskva va Piterda eng yaxshi mevalar O‘zbekistondan ekanligini unutib qo‘yishgan edi shekilli. Ba'zi qo‘shni davlatlar vakillari erkin bozorda: "Keling, keling, eng yaxshi mevalar, O‘zbekistondan", — deb sotishadi. Aslida mahsulotning O‘zbekistonga hech qanday aloqasi yo‘q bo‘lsa ham. Bu ham o‘ziga xos bir reklama, albatta. Va u ko‘p narsadan darak beradi.

Moskvaliklar buni juda yaxshi tushunishadi. O‘zbekiston ayni shu yetishmayotgan mahsulotlarini yetkazib berishga tayyor. Lekin, O‘zbekiston faqat meva yetishtirib berish uchungina deb o‘ylamaslik kerak.

Valyuta o‘lchovida mamlakatlarimiz orasidagi tovar ayrboshlash hajmi biroz kamaygani rost, lekin Rossiya bilan tovar almashish borasida biz kamayishni sezganimiz yo‘q.

Avtomobillar borasida, albatta kamayish bor, lekin bu umumjahon va butun Rossiyaga aloqador tendensiya. Bu bizning munosabatlarimizga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi.

Yana bir narsani aniq aytmoqchiman, bizda kechagi suhbatimizni davom ettirish uchun mavzu bor. Ushbu mavzularni hayotning o‘zi bizning kun tartibimizga qo‘ymoqda.

Men aytmoqchi bo‘lgan birinchi narsa bu – O‘rta Osiyo hududidagi xavfsizlik masalasidir. Afg‘onistondagi urushning oxiri ham yechimi ham ko‘rinmayapti.

Do‘stlarimiz va jurnalistlar oldida shuni aytmoqchimanki, Afg‘on muammosini Rossiya ishtirokisiz yechishga ba'zi bir harakatlar bo‘lmoqda. Bu masalada to‘xtab o‘tishni istamagan bo‘lardim, lekin menning fikrimcha, bu mutlaqo noto‘g‘ri.

Geografiya ham hech kimning esidan chiqib ketgani yo‘q, O‘rta Osiyo ko‘p asrlar davomida Rossiya bilan bog‘liq, bu ming yillik aloqalardir. Biz Rossiyaning O‘rta Osiyodagi manfaatlarini aniq his qilib turibmiz va biz bunga rozimiz. Nafaqat rozimiz, balkim bu juda zarur deb hisoblaymiz.

Agar buni kimdir tushunmayotgan bo‘lsa, vaqti kelib ushbu vaziyatni va dunyoda ro‘y berayotgan boshqa voqealarini ham tushunib oladi deb o‘ylayman. Haqiqatga tik qarash kerak. Agar haqiqatni tan olmasang, ular bari bir seni quvib yetadi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga ajratilgan e'tibor uchun, yana bir bor katta rahmat. Bugun suhbatimizni davom ettirishdan mamnunman.

V.Putin: Rahmat.

<…>

O‘zbekiston prezidenti Moskvaga 25 aprel kuni tashrif buyurdi. Ikki davlat rahbarlari 25 aprel kuni kechasi 3 soat davomida norasmiy uchrashuv o‘tkazishgan.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston bilan Rossiyaning turli sohalardagi o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.

Top