18:27 / 26.04.2016
4162

«Xolis» gazetasi 20 yoshda

Ko‘plab muxlislarga ega “Xolis” ijtimoiy-ommabop gazetasi 1996 yilning 26 aprelida “Dunyo yuzini ko‘rgan”. 20 yil muqaddam xuddi shu bugun 5000 nushada chop etilgan gazeta qisqa fursatlarda respublika miqyosida ommalashib 30 000 dan ziyod nushada gazetxonlar qo‘liga yetib bora boshlagan. O‘tgan yillar mobaynida unda chop etilgan madaniy-ma'rifiy maqolalar soniyu sifatiga boqib bugun uni Andijon viloyatining shu yo‘nalishdagi kichik solnomasiga mengzasa bo‘ladi.

Dastlab 2-3 nafar ijodiy xodim, 5-6 nafar jamoatchi muxbirlar bilan ish boshlagan gazeta bugun o‘zining juda ko‘plab jamoatchi muxbirlari, faol mualliflariga ega.

To‘lan Nizom, Olimjon Xoldor, Tursunoy Sodiqova, Shodmon Otabek, Abdunabi Boyqo‘ziyev singari taniqli ijodkorlar bilan bir qatorda Komiljon Nishonov, Muzaffar Ismoilov, Nusrat Abdusalom, Olimjon Rahimov, Habibullo Isomiddinov, Mahkam Mamadaliyev, Bahrom Zokirjonov, Nigora Saydaliyeva, Shuhrat Keldiyev, Elmurod Ermatov singari o‘tkir qalam sohiblari gazetaning rang-barang va mazmunli chiqishida faoldirlar.

Yillar davomida o‘z yo‘nalishini belgilab, ma'lum “o‘zan”ga tushib olgan gazeta o‘z an'analariga sodiq qolgan holda bugunda ham boy o‘tmishimiz, go‘zal qadriyatlarimiz, o‘zligimiz haqida so‘zlovchi chiqishlari bilan halqimizga xizmat qilib kelmoqda. “Sihat-salomatlik”, “Sport”, “Yoshlar” sahifalari muxlislarni zamon yangiliklari bilan hamnafas qilmoqda.

“Xolis”chilarning niyati, bundan keyin ham o‘z maslaklariga sodiq qolgan holda halqimiz ma'naviy hayotining yuksalishiga hissa qo‘shib borishdir.

Elmurod Ermatov, Andijon

Top