20:02 / 28.04.2016
7119

O‘zbekistonda broker xizmati huquqiy maqomga ega bo‘ldi

Joriy yil 21 apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi asosida broker xizmati huquqiy maqomga ega bo‘ldi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Kodeksda deklarant, bojxona brokeri va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar, ularning huquq va majburiyatlari batafsil bayon etilgan. Bojxona brokeri faoliyati, mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnoma olish talablari va shartlari, zaruriy hujjatlar, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassis faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi va boshqa masalalarga aniqlik kiritilgan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasida bojxona brokerlari ishtirokida o‘tkazilgan amaliy seminarda shular haqida so‘z yuritildi.

Bojxona brokerlarining qonunchilikni mukammal bilishi va amalda to‘g‘ri qo‘llay olishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ishini yengillashtiradi. O‘z navbatida, bojxona tizimida xato va kamchiliklar kamayishiga, bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri va to‘liq undirilishiga olib keladi.

Hozir viloyatda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha yuzdan ortiq mutaxassis faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular tomonidan joriy yilning birinchi choragida 9,9 mingdan ortiq bojxona yuk deklaratsiyalari to‘ldirilib, bojxona organlariga taqdim qilingan.

Top