14:11 / 16.05.2016
10425

“Asaka” ATBga yangi rahbar tayinlandi

Ahmedxajayev Azim Isroilovich “Asaka” Aktsionerlik tijorat banki boshqaruv raisi etib tayinlandi. UzDaily xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 11 may kuni tegishli qaror chiqargan. 

Ushbu lavozimga tayinlangunga qadar, 2011 yildan buyon Ahmedxajayev O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgandi.

Endi u 2016 yilning fevral oyida vazifasidan ozod etilgan Qahramon Oripovning o‘rnini egalladi. Oripov 2007 yilning aprelidan buyon bankka rahbarlik qilgandi.

1995 yili tashkil etilgan "Asaka" banki O‘zbekistonning eng katta ikkinchi tijoriy banki hisoblanadi. Uning asosiy aksiyadorlari — Moliya vazirligi (54 foizdan ortiq), "O‘zavtosanoat" kompaniyasi (qariyb 13 foiz), O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (qariyb 13 foiz), Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" kompaniyasidir.

Bank sayti ma'lumotlariga ko‘ra, 1 aprel holati bo‘yicha, “Asaka” ATB jami aktivlari 8,1 trillion so‘mni, jami kapitali esa 955,7 milliard so‘mni tashkil etadi.

Top