15:26 / 17.05.2016
5490

Italyanlar BMW i8 ni kelajak mashinasiga aylantirishdi

Turli rusumdagi avtomobillarga o‘zgartirishlar kiritish bilan shug‘ullanadigan Italiyaning Garage Italia Customs atelesi, BMW kompaniyasining ushbu mamlakatdagi shoxobchasi bilan hamkorlikda i8 sport gibridining maxsus modifikatsiyasini ishlab chiqdi. Futurism Edition deya nomlangan mashina mashhur nemis markasining Italiya bozoriga kirib kelganiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan ishlab chiqilgan. 

BMW i8 kuzoviga yopishtirilgan tasvirlar 1909 yilda italyan rassomi Jakomo Balla tomonidan chizilgan "Ko‘cha fonari" suratini yodga soladi. Hozirda, kartina Nyu-Yorkdagi Zamonaviy san'at muzeyida namoyish etilmoqda.

Xabar qilinishicha, mashinaning kuch agregatiga o‘zgartirish kiritilmagan. BMW i8 1,5 litrlik benzinli turbomotor bilan jihozlanadi. U 231 ot kuchini beradi. Bundan tashqari, 131 ot kuchiga ega bo‘lgan elektrodvigatel ham o‘rnatilgan. Ikkala motor 6 diapazonli avtomat uzatmalar qutisi yordamida mashinani harakatga keltiradi. Avtomobil 4,4 soniyada 100 km. tezlikka erisha oladi. Uning maksimal tezligi soatiga 250 kilometrni tashkil etadi.

Garage Italia Customs tyuning atelesi Fiat kompaniyasining sobiq marketologi Lapo Elkann va italyan kompaniyasini nazorat qiluvchi Anellilar oilasiga tegishlidir.

Top