14:50 / 19.05.2016
8813

Mehnat vazirligida Koreya respublikasi elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston respublikasi Mehnat vaziri Aziz Abduhakimov Koreya respublikasining o‘z missiyasini yakunlagan elchisi Li Uk Xyok bilan uchrashuv o‘tkazdi.  Mehnat vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar aholi bandligi sohasida ikki mamlakat hamkorligi masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hamkorligi energetik resurslar, avtomobil, tekstil, moliya, AKT va boshqa sohalarda jadal taraqqiy etib bormoqda. O‘zbekistonda 400 koreys kompaniyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular o‘n minglab ishchi o‘rinlarini tashkil etish, ilg‘or boshqaruv texnologiyalari va nou-xaularni keng tarqatish yo‘li bilan o‘zaro manfaatli biznesni rivojlantirmoqda.

Kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikdagi loyihaning ahamiyati beqiyos. Ushbu markazlarda koreys mutaxassislari o‘zlarining bilim-tajribalari va texnologiyalarini O‘zbekiston yoshlari bilan bo‘lishmoqda, deya qayd etdi elchi.

Mehnat vaziri ham o‘z navbatida aynan Li Uk Xyonning diplomatik missiyasi davomida o‘quv markazlarini tashkil etish bo‘yicha loyiha «ikkinchi nafas»ga ega bo‘lganini ta'kidlab o‘tdi. Vazir Li Uk Xyokning elchilik missiyasi davrida ta'lim markazlari tashkil etilgani haqida so‘zlab, Samarqandda 2013-2016 yillar davomida shu maqsadda 6,4 mln dollar evaziga shunday loyiha amalga oshirilganini eslab o‘tdi. Xuddi shunday markaz Shahrisabzda 2014−2017 yillarda qurilishi uchun 8,5 million dollar ajratilgan. Kelgusida Urganch va Qo‘qonda ham shunday markazlar tashkil qilinishi rejalashtirilgan.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan  2007−2012 yillarda Toshkentning Sergeli tumanida 4 million dollar evaziga shunday markaz qurilgan bo‘lib, 2012 yil iyulidan ushbu kasbiy tayyorgarlik markazida shu vaqtga qadar 1500 nafardan ziyod kishi ta'lim oldi. Markazning 95,8 foiz bitiruvchilari birinchi oydanoq yuqori maosh to‘lanuvchi ishlarga joylashdi.

Mehnat vazirligi rahbari bo‘lg‘usi elchi ham ko‘zda tutilgan rejalarni amalga oshirishda mahkama bilan ishonchli hamkorlik olib borishiga umid bildirdi. 

"Mening xotiramda davlatlarimizning hamkorligi va o‘zaro ishonchi ramziga aylangan loyihalar, xususan O‘zbekiston Mehnat vazirligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan loyiha qoladi", deya qayd etgan Koreya respublikasi elichisi.

Top