16:12 / 19.05.2016
3911

WBC Golovkinni o‘rta vazn toifasida chempion deb e'lon qildi

Butunjahon Boks kengashi (WBC) qozog‘istonlik professional bokschi Gennadiy Golovkinni o‘zi ishtirok etadigan o‘rta vazn toifasida shubhasiz chempion, deya tan oldi. Tashkilot mazkur unvonning avvalgi sohibi meksikalik Saul Kanelo Alvares Golovkin bilan jang qilishdan bosh tortgach, shunday qarorga keldi, deb xabar qilmoqda wbcboxing.com.

"Butunjahon boks kengashi "Golden Boy Promotions"dan Saul Alvares o‘rta vaznda WBC chempionlik belbog‘idan voz kechishga qaror qilgani to‘g‘risidagi maktubni oldi. Shunga ko‘ra, Gennadiy Golovkin o‘rta vazn toifasida WBC’ning shubhasiz chempioni, deb e'tirof etildi. WBC Kaneloga muvaffaqiyatlar tilaydi hamda kelajakda Golovkinning Alvaresga qarshi jangini kutib qoladi", — deyiladi saytda joylangan Kengash bayonotida. 

Bundan avval, WBC "Kanelo"dan o‘z unvonini himoya qilish maqsadida Golovkin bilan jang o‘tkazishni jiddiy ohangda talab qilgan edi. 

"Kanelo" laqabi bilan tanilgan meksikalik bokschi Saul Alvares 18 mayga qadar WBC tasnifi bo‘yicha o‘rta vazn toifasida jahon chempioni hisoblanardi. Shu paytga qadar qozog‘istonlik bokschi ushbu tasnifdan tashqari boshqa barcha professional boks tashkilotlarida chempion hisoblanardi. Gennadiy Golovkin, WBA (Butunjahon boks uyushmasi), IBF (Xalqaro boks federatsiyasi) va WBO (Butunjahon boks tashkiloti) tasniflari chempionlik belbog‘lariga ega edi. 

Endilikda, barcha 4ta chempionlik bog‘ichiga ega bo‘lgan Golovkin professional bokschilar orasida o‘rta vazn toifasida mutlaq chempion bo‘ldi.

Top