Bundestagda o‘tkazilgan ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Turkiyada 1915 yili armanlar qirg‘in qilinganini ifodalovchi armanlar genotsidi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilindi.
Hujjat "1915–1916 yillarda Usmonli saltanatida armanilar va boshqa xristian kamchiliklarning genotsidi xotirasiga" deb nomlangan.
5 sahifadan iborat bu rezolyutsiya Germaniyadagi bir nechta partiya tomonidan taqdim etilgan. Qayd etilishicha, parlament a'zolaridan faqat bir kishi bu rezolyutsiyaga qarshi ovoz bergan, yana bir deputat betaraf qolgan.
Germaniyada bu masalaga avval ham e'tibor qaratishgan. O‘tgan yili mamlakat prezidenti Gauk Usmonlilar davrida armanlar qirg‘in qilinishini genotsid deb atagandi.
Die Welt nashrining yozishicha, ovoz berish jarayonida Germaniya kansleri Angela Merkel, TIV rahbari Frank-Valter Shtaynmayyer va vitse-kansler Zigmar Gabriel ishtirok etishmagan.
"Birinchi jahon urushi davrida Usmonlilar imperiyasi hududida armanlarning qirg‘in qilinishi arman xalqining ming yillar davomidagi eng katta fojiasi edi", deya rezolyutsiyadan iqtibos keltiradi RIA Novosti.
Turkiya bosh vaziri GFRda armanlar genotsidini tan olish bo‘yicha ovoz berish orqali Turkiya bilan do‘stlik ham sinovdan o‘tkazilmoqda ekani haqida gapirib o‘tgandi.
U Germaniyada 3,5 mln etnik turklar yashashi, ulardan 400 ming nafari Germaniya iqtisodiyoti uchun milliardlab yevro keltiruvchi tadbirkorlar ekanini eslatib o‘tgan.
Turkiya hukumati bu rezolyutsiya qabul qilinadigan bo‘lsa, Berlindagi elchisini chaqirib olishi mumkinligini bildirgan.
Armaniston tomoni va ko‘pgina tarixchilar 1915 yilda 2 millionga yaqin arman Usmonlilar imperiyasi tomonidan o‘ldirib yuborilganini aytishadi. Usmonlilar imperiyasidagi armanlar soni Birinchi Jahon urushigacha 2,5 millionni tashkil qilgan.

Shu vaqtgacha jahondagi 22ta davlat Usmonlilar imperiyasi davrida, 1915 yildan 1922 yilgacha armanlar genotsidi amalga oshirilganini tan olgandi. Ilk bor 1965 yili Urugvay armanlar genotsidini tan olgan. Keyinroq Rossiya, Avstriya, Argentina, Belgiya, Boliviya, Kanada, Chili, Kipr, Fransiya, Gretsiya, Italiya, Livan, Litva, Niderlandiya, Polsha, Slovakiya, Shvetsiya, Shveytsariya, Vatikan, Venesuela, Lyuksemburg, AQShning 44ta shtati, Yevroparlament, Butun dunyo cherkovlari kengashi genotsidni rasman tan olishgan.











