16:56 / 05.06.2016
7438

Yevro -2016da Ispaniya termasi g‘olib bo‘lishining besh sababi

Ispaniya termasi Yevropa chempioni sifatida qo‘shni Fransiya tomon o‘z titulini saqlab qolish uchun yo‘l oladi.

Tajriba

Mayli, bukmekerlar Yevro chempionligini Fransiya yoki Germaniya oladi, deb fol ochaversin, lekin Ispaniyada musobaqaning asosiy favoritlaridan muhimroq bo‘lgan jihat mavjud. Bu ham bo‘lsa, uning juda katta tajriba maktabiga egaligidir.

«Qizil furiya» XXI asrning eng muvaffaqiyatli jamoasiligi hech kimga sir emas. Ular so‘ngi olti yil davomida ikki marta Yevropada va bir bor jahonda tengsiz bo‘lishgan. Ispanlar ayni payt qit'a chempionligi titulini himoya qilish uchun yonib turibdilar. 

Bundan to‘rt yil oldingi “Kiyev jangi”dan so‘ng Boske jamoasida biroz o‘zgarishlar bo‘ldi. «Seleson»larning o‘sha paytdagi oltin avlodidan adashmasak, o‘n kishi hozirgi tarkibga kiritilgan. Fransiyaga yo‘liga yetolmagan ikkita taniqli futbolchilar bor: Puyol va Xavi. Biri - faoliyatini tamomlagan bo‘lsa, ikkinchisi butsasiga mix axtarib yuribdi. Biroq, Kasilyas, Ramos, Pike, Inesta, Buskets va Pedrolar hali ham safda. 

Ispaniya nufuzli futbol forumida “eng qari” jamoalardan biri sifatida qatnashadi. Yevro-2012 va JCh-2014 bilan solishtiradigan bo‘lsak tarkibning o‘rtacha yoshi bir yarim yilga oshgan (28,1 yosh). Lekin, ularni “fahriylar jamoasi” deganlar adashishadi. Jamoada 30dan o‘tgan ikkita o‘yinchi bor: Kasilyas va Aduritsa. Qolganlar esa eng gullagan yoshdalar.

O‘ziga bo‘lgan ishonch

Ispan futboli yangi yuz yillikda nafaqat terma jamoalar, balki klublar borasida ham hammadan oldinda. 2006 yildan buyon Primera vakillari chempionlar Ligasida sovrinini olti marta(“Barselona”-4, “Real”-2) va Yevropa ligasida yetti marta g‘alaba qozongan. Ko‘rib turganingizdek, ispanlarda g‘oliblik ruhiyati barcha termalarnikidan ustunroq. 

G‘urur 

Pireneya orolida hali ham ikki yil oldin Braziliyada bo‘lgan ayanchli holatni hech kim tahlil qila olmayapti. Jahon chempionati guruh bahsidan so‘ng ular tomon yog‘ilgan turli haqoratlarning cheki yo‘q, edi. Mutaxassis va ishqibozlar nega unday bo‘lganligi haqidagi jumboqni oxiriga yeta olmay, garang. Ba'zilarni fikricha, jamoa liderlari o‘z klublarida haddan tashqari ko‘p o‘yin o‘tkazgani uchun sillasi qurigan, yoki o‘ziga ortiqcha ishonib, raqibni mensimaslik ispanlarni mag‘lubiyat ko‘chasiga yetaklagan. Endi del Boske shogirdlari Fransiyada Vatan oldida o‘zlarini oqlash uchun g‘ururini ishga solib, bor kuchi bilan harakat qilishlari aniq.

Zo‘r tarkib

Murabbiyning Fernando Torresni termaga chaqirmagani Ispaniyada shov-shuv bo‘ldi. Del Boske baland bo‘yli mallasoch futbolchini ikki yildan beri yo‘qlamay qo‘ygani, rost. Fernando milliy chempionatda safdoshi fransiyalik Grizmanndan ikki marta kamroq gol urdi, YeChLda esa bir marta to‘p kiritdi. Demak, tajribali mutaxassisni fikricha kuchli 23talikda unga joy yo‘q. Isko va Saul bilan ham shu holat. Biri “Real”ning asosiy tarkibida ahyon-ahyonda ko‘rinsa, ikkinchisi yaqinda “ochila” boshladi.

Del Boske kutilayotgan turnirga Karvaxaldan tashqari o‘zi rejalashtirgan barcha futbolchilarni olib ketmoqda. “Real”ning o‘ng qanot xavbeki baxtga qarshi YeChL finalida jarohat olgan. Bu ispan termasi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Mayli, uning o‘rnida Xuanfran va Aspilikueta bor.

Del Boske terma bilan o‘z hurmatida hayrlashishi kerak

Suhbat so‘ngida aytilgan so‘z barchani esida qoladi. Ispaniya termasining murabbiyi uchun fransuz maydonlaridagi bahslar so‘ngisi bo‘lsa kerak. U milliy terma jamoadagi sakkiz yillik faoliyati davomida yigitlari bilan neniki yutish kerak bo‘lsa, barchasini yutdi. 66 yoshli mutaxassis qo‘shiqni avj pardalarida tugatishni hohlayotgani sir emas. Aytishlaricha, Boske yarimfinalni ko‘zlayotgan ekan. Lekin, uning shogirdlari o‘z ustozlarini yana bir bor oltin cho‘qqisiga olib chiqishsa, yomon bo‘lmas edi.

Elmurod Ermatov.

Top