17:14 / 13.06.2016
4573

Anons. "Sokin Italiya" va "Shijoatli Belgiya" to‘qnashuvi 

Bugun, Yevropa chempionatining to‘rtinchi kunidagi oxirgi uchrashuv Belgiya va Italiya o‘rtasida kechadi. Lion shahridagi "Stad de Lyumer" stadionida Toshkent vaqti bilan soat 23:55da boshlanadigan bu uchrashuvga angliyalik hakam Mark Klattenburg tayinlangan. 

Keyingi yillarda kuchli tarkib hosil qilgan Belgiya va 2012 yilgi Yevropa chempionati finalchisi bo‘lmish Italiya terma jamoasi uchrashuvini bu yilgi turnirning birinchi turi doirasidagi eng markaziy uchrashuv sifatida kutishmoqda. "Qizil iblislar" birinchi uchrashuvdanoq o‘zlarining nelarga qodirligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi. Italiyaliklar ham shunchaki taslim bo‘lishga rozi emas.

Turnirga tayyorgarlik davrida ikki terma jamoa ham bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazdi. Italyanlar shotlandlarga va finnlarga qarshi o‘yinlar o‘tkazdi va bu o‘yinlarda birinchi raqam ostida harakat qilgan bo‘lsada, asosan himoyaviy o‘yin ko‘rsatdi. Antonio Konte shogirdlarining navbatdagi raqiblari esa butunlay boshqa darajadagi jamoa. "Qizil iblislar" hujumkor o‘yin ko‘rsatadi, himoya esa barqaror emas, norveglarga va finnlarga qarshi o‘yinlarda bu ko‘rinib qoldi.

Ikki terma jamoa shu vaqtgacha 21 marta o‘zaro uchrashuv o‘tkazgan, italiyaliklar hisobida 13ta g‘alaba. 4ta uchrashuvda belgiyaliklar ustun kelgan, yana 4ta uchrashuvda durang qayd etilgan. Jamoalarning oxirgi uchrashuvi 2015 yilning 13 noyabrida kechgan. Bu o‘rtoqlik uchrashuvida belgiyaliklar 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. Bu Belgiyaning FIFA reytingidagi yetakchi sifatidagi ilk uchrashuvi edi.

Belgiyaning Yevropa chempionatidagi eng yuqori natijasi 1980 yilda qayd etilgan. O‘shanda belgiyaliklar finalda GFRga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan.

Ayni vaqtda jamoalarda bosh murabbiy sifatida ishlayotgan Mark Vilmots va Antonio Konte terma jamoalar futbolchilari sifatida 2000 yilgi Yevropa chempionatida bir-biriga qarshi chiqqandi.

Belgiya Yevropa chempionatida shu vaqtgacha 4 marta ishtirok etgan (1972, 1980, 1984 va 2000 yillarda).

Italiya esa shu vaqtgacha turnirning 9 karra ishtirokchisi bo‘lgan. 1968 yili italyanlar o‘z uylaridagi turnirda g‘alaba qilgan, ikki marta finalda mag‘lub bo‘lgan (2000, 2012).

Italiya terma jamoasi Antonio boshqaruvi vaqtida hali biron marta yutqazmagan.

Taxminiy tarkiblar:

Manba: Tribuna.UZ

Top