16:36 / 19.06.2016
8439

Ronaldu bilan selfi tushish uchun maydonga yugurib chiqqan muxlis Portugaliyaga nisbatan intizomiy ish ochilishiga sabab bo‘ldi

UYeFA Belgiya, Vengriya va Portugaliya futbol federatsiyalariga nisbatan 18 iyun kungi o‘yinlardagi voqealar yuzasidan intizomiy ish ochdi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytiga asoslanib, Tribuna.uz xabar tarqatgan.

Bunga o‘yinga tashrif buyurgan muxlislarning xatti-harakatlari sabab bo‘lgan.

Vengrlarga qarshi ish ochilishiga Islandiyaga qarshi o‘yin yakunida tribunada pirotexnikadan foydalanilgani sabab bo‘lgan. Bu borada ish 21 iyun kuni ko‘rib chiqiladi.

Belgiyalik muxlislar esa tribunada pirotexnika qo‘llashdan tashqari, maydonga buyumlar uloqtirishgan. Bu bo‘yicha ish chempionat yakunlangach ko‘rib chiqiladi.

Portugallarga nisbatan ish ochilishi esa muxlislardan biri Avstriyaga qarshi o‘yin yakunlangach Krishtianu Ronaldu bilan selfi tushish uchun maydonga yugurib chiqqani bilan bog‘liq. Bu ish ham chempionat yakunlangach ko‘rib chiqilishi aytilgan.

Muxlis maydonga tushib kelganida «Real» futbolchisi stadion xodimlaridan ishqibozga tegmaslikni so‘ragan va u bilan suratga tushgan. Muxlis o‘z niyatiga yetganidan so‘ng qo‘riqchilar uni maydondan olib chiqqan.

Manba: Tribuna.uz

Top