Qishlog‘imizda otarchilar ko‘p edi. Ularning deyarli hammasi qachonlardir qo‘liga kitob olib, kuylayotgan qo‘shiqlarining she'rlarini o‘qiganiga avval ham, hozir ham ishonmayman. Ular nimani eshitsalar, shuni kuylashardi. Masalan, “So‘rang” degan qo‘shiqdagi “Maysalarga zar sochib toshgan Zarafshondan so‘rang” degan satrlar “Toshkent, Zarafshondan so‘rang” deb kuylanardi. Yoki daryolar xaqidagi qo‘shiqning “O‘z tilida nimalardir gapiradi” degan satrlari “Rus tilida nimalardir gapiradi”, deb kuylanishiga bir necha bor e'tiroz bildirganman. Ammo keyingi gal yana eski hammom eski tos bo‘lib, o‘z bilganicha kuylashardi. Men, “ishqilib Erkin Vohidov va Sherali Jo‘rayev qishlog‘imizdagi to‘yga kelib qolmasin-da”, der edim. Chunki otarchilarimiz “O‘zbegim”ni raddi balo qilib kuylashardiki, bu qasida satrlari bilan tanish bo‘lganlarning e'tiroziga sabab bo‘lishi aniq edi. Otarchilarning xonishlarini eshitib, Erkin Vohidov qalamini, Sherali Jo‘rayev esa torini sindirishi aniq edi. Otarchilar o‘z nomi bilan otarchi, ammo professional xonandalarimizning ham qo‘shiqlar matnlarini buzib kuylayotganiga nima deyish mumkin?! Xushovoz xonandamiz “Qanoatda Saida shuncha bo‘lurmi, hay-hay” satrlariga o‘z nomini qo‘yib kuylanganida ancha e'tirozlar bildirilgan edi. Sadoqat va qanoatda Saida Zunnunova va Zulfiya opalar o‘zlariga haykal qo‘yib ketishgan.

Bugungi ayrim qo‘shiqchilarning xatti-harakatlarini ko‘rar ekanmiz, sherbachcha va toshbaqa haqidagi multfilm yodga tushadi.

Multfilm mazmuni quyidagicha: Afrikada Rrr-Myau laqabli sherbachcha bo‘ladi. Bir kuni u sahroda sayr qilib yurar ekan, Katta toshbaqani uchratib qoladi. Toshbaqa oftobda toblanib yotar, “Ya na solnyshke leju” (“Men quyoshda toblanib yotibman”) deya qo‘shiq kuylardi. “Qanday ajoyib, sho‘x qo‘shiq” deya sherbachcha toshbaqaga yaqinlashadi. Ikkovlon yaqindan tanishib olishgach, sherbachcha qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib, “Ya na solnyshke siju” (“Men quyoshda toblanib o‘tiribman”) deb kuylaydi. Bu o‘z navbatida toshbaqaning e'tiroziga sabab bo‘ladi. “O‘tiribman emas, yotibman”, deydi toshbaqa. “Axir men o‘tiribman-ku”, deydi sherbachcha. “Unda yotib qo‘shiq kuyla. Ammo so‘zni o‘zgartirma. Ana o‘shanda hammasi o‘z o‘rnida bo‘ladi”, deydi toshbaqa atigi bitta so‘z o‘zgartirilganidan ranjib. “Nima bo‘lganda ham bu qo‘shiqni yotib kuylash kerak!, - deydi toshbaqa.- Axir qo‘shiq satrlari meniki-ku!” (- I vsyo-taki nado pet leju! — skazala cherepaxa. — Eto jye ya pridumala!)

Mayna degan qushni hamma biladi. Bu qush boshqa qushlarning iniga kirib olib, uni o‘ziniki qilib olar ekan. Indagi tuxumlarni tashqariga chiqarib tashlab, o‘zining tuxumini qo‘yar ekan. Ayrim xonandalar birovlarning qo‘shiqlarni kuylar ekan, mana shu maynaning ishini qilayotgandek, go‘yo. Radiokanallar ham asl xonandaning qo‘shig‘ini emas, keyingisini qayta-qayta efirga uzatmoqda. Ayni shu qo‘shiq efirga uzatilishi kerak bo‘lsa, aslini berish yaxshi emasmi?! Katta yoshdagilar qo‘shiq kimga tegishli ekanini yaxshi biladi. Ammo o‘sib kelayotgan yoshlar bundan bexabar bo‘lib, keyin ijro etgan xonandani tan olishlari kuzatilmoqda.