18:38 / 23.06.2016
8754

Andijonda matbuotchilar kuni oldidan futbol turniri tashkil etildi

Ma'lumki, 27 iyun kuni yurtimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni nishonlanadi. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi sana oldidan hududda faoliyat yurituvchi soha xodimlari o‘rtasida mini-futbol musobaqasi tashkil etdi. Turnirda “Andijonnoma” gazetasi, “Andijon nashriyot- matbaa”, “Andijon matbuot tarqatuvchi” jamiyatlari, viloyat televideniyesi, “Taraqqiyot” va “Vodiy sadosi” telekanallari jamoalari ishtirok etdilar.

Do‘stona kayfiyatda o‘tgan uchrashuvlarda ijod ahli va matbaachilar maydonda ham ko‘p narsaga qodir ekanligini namoyish etib berishdi. Ayniqsa, barcha kasbdoshlarini mag‘lub etib final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan viloyat televideniyesi va “Taraqqiyot” telekanallari o‘yinlari barchaga manzur bo‘ldi.

- “Sog‘ tanda – sog‘lom aql” - o‘sha ma'lum va mashhur halq maqoli bejiz aytilmagan, – deydi viloyat jurnalistlar ijodiy uyushmasi rahbari, fahriy jurnalist Nazirjon Saidov. Har qanday insonning tanasi sog‘ bo‘lsa, ruhiyati sog‘lom, ishida unum bo‘ladi. An'anaga sodiq qolib, kasb bayramimiz oldidan sportning tennis va futbol turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtirdik. Yakuniga yetgan tadbirda g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar 27 iyun - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etiladigan tantanada taqdirlanadilar.

 

Elmurod ERMATOV, Andijon

Top