23:19 / 23.06.2016
13251

Belarus Prezidenti Toshkentga keldi

Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkentda o‘tadigan navbatdagi majlisida kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun 23 iyun kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Lukashenko saytida ta'kidlanishicha, ushbu sammit Belarus ShHTda kuzatuvchi maqomida ishtirok etadigan birinchi sammit bo‘ladi. Avval Belarus ShHTda muloqot bo‘yicha hamkor bo‘lgan va hamkor maqomidan kuzatuvchi maqomiga o‘tgan tashkilotdagi birinchi davlat bo‘ldi.

ShHT sammiti 24 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tadi. Unda ShHT faoliyatini me'yoriy-huquqiy jihatdan mustahkamlash, tashkilotga a'zo davlatlar o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq va tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Top