Jahon | 17:38 / 29.06.2016
4712
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Mehnat vaziri bosh vazir lavozimi uchun nomzod bo‘ldi

Buyuk Britaniya mehnat va pensiya ishlari vaziri Stiven Krabb o‘zining mamlakat bosh vazirligi uchun o‘tkaziladigan saylovda nomzod sifatida ishtirok etishini tasdiqladi. U bu haqda maxsus tashkil qilingan matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

"Men Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishini qo‘llab-quvvatlagan 17 million kishi ishonchini oqlaydigan hukumatni boshqarishni istayman. Referendumning birinchi galdagi maqsadi Buyuk Britaniyada migratsiya bo‘yicha nazoratni kuchaytirish. Shu tufayli men uchun erkin harakatlanish muhimdir", degan u. 

Bundan oldinroq britan nashrlarida Krabb o‘z nomzodini Konservatorlar partiyasidan ko‘rsatishi haqida xabarlar berilgandi. Ayni vaqtda hukumatda konservatorlar ko‘pchilikni tashkil etadi, shu tufayli Krabb ular orqali saylovda g‘olib chiqqan taqdirda o‘z postini mustahkamlashni mo‘ljallagan. Saylov uchun nomzodlarni ilgari surish 30 iyunga qadar davom etadi. Hukumatning yangi rahbari nomi 9 sentabr kuni e'lon qilinishi kutilmoqda.

Britaniyalik siyosatchilarning hisoblashicha, mamlakatda bosh vazirdan keyingi maqomda turuvchi Moliya vaziri lavozimini ayni vaqtda Biznes, innovatsiyalar va mutaxassilarni saralash ishlari bo‘yicha vazir hisoblanadigan Sajid Javid egallaydi.

Buyuk Britaniyada 23 iyun kuni mamlakatning Yevropa ittifoqini tark etishi masalsida referendum o‘tkazildi. Unda Brexit tarafdorlari 51,9 foizlik ustunlik bilan g‘olib chiqdi. Angliya va Uels aholisining katta qismi YeIni tark etish uchun ovoz bergan, Shimoliy Irlandiya va Shotlandiyada YeIda qolish tarafdorlari ko‘pchilikni tashkil etgan.

Referendum natijalaridan keyin YeIda qolish tarafdori bo‘lgan bosh vazir Devid Kemeron lavozimini tark etishi haqida ma'lum qildi.

Krabb va Javid ham Buyuk Britaniyaning YeIda qolishi tarafdorlari hisoblanishadi.

Krabb hozirgacha rasman nomzod bo‘lgan ilk siyosatchi. Undan tashqari, bosh vazirlik uchun IIV rahbari Tereza Mey, Londonning sobiq meri Boris Jonson, Sog‘liqni saqlash ishlari vaziri Jyeremi Hant hamda Buyuk Britaniyaning sobiq mudofaa vaziri Liam Foks kabilar ham saylovda o‘z nomzodlari bilan qatnashishi kutilmoqda.

G‘olib chiqish uchun asosiy da'vogarlar Jonson va Mey hisoblanadi.