19:42 / 29.06.2016
5561

Toshkentda “Toshkent yozi – 2016” turniri boshlandi

Toshkentda shaxmat bo‘yicha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida “Toshkent yozi – 2016” turniri boshlandi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.

Yuz ellikka yaqin yosh sportchi ikki guruhda g‘oliblik uchun bahslashmoqda.

Musobaqaning “A” guruhida reyting ochkolariga ega shaxmatchilar o‘z mahoratini namoyish etmoqda. Dastlabki turda xorazmlik Maqsad Sapayev poytaxtlik Humoyun Begmurodovni, surxondaryolik Inomjon Shoymurodov Toshkent viloyatidan Shahzoda Shermuhammadovani, Toshkent viloyati vakili Nurilla O‘rolov toshkentlik Asad Egamberdiyevni mag‘lubiyatga uchratdi. 

Ushbu guruhda yana o‘n to‘qqiz shaxmatchi raqiblari ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, to‘rt shaxmatchi o‘zaro durang o‘ynadi.

O‘n to‘rt yoshgacha shaxmatchilardan iborat “B” guruhida 43 shaxmatchi dastlabki partiyani o‘z foydasiga hal qildi. Xorazmlik Kamronbek Otayev va Toshkent viloyatidan Shohina Olimova, poytaxtlik Daniil Makagonov va xorazmlik Gulruhbegim Yo‘ldosheva, farg‘onalik Ahadxon Kimsanboyev va navoiylik Mohinur Choriqulova o‘zaro durang o‘ynab, 0,5 ochkoga ega bo‘ldi.

Top