10:44 / 30.06.2016
7808

Qozog‘istonda teraktlar sodir etishni rejalashtirgan guruh a'zolari ushlanishi vaqtida jangarilardan biri o‘zini portlatdi

Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatida 6 nafar radikal qo‘lga olindi. Amaliyot vaqtida radikallardan yana biri o‘zini portlatgan. Bu haqda Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Vladimir Jumakanov ma'lumot berdi.

"Qo‘lga olinganlar salafiychilar. Ularning barchasi Qarag‘anda yashab kelgan Qozog‘iston fuqarolari", degan u.

Jumakanov Qarag‘andadagi radikallar Aqto‘bedagi teraktlarga aloqador emasligini bildirgan.

Bu vaqtda Qozog‘iston MXQ Qarag‘anda viloyatining Balxash shahrida va Gulshat aholi punktida radikal guruh faoliyatiga chek qo‘yilib, xudkushlar orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan teraktlar oldi olingani haqida ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 5 iyun kuni noma'lum shaxslar Qozog‘istonning Aqto‘be shahrida joylashgan bir qancha qurol do‘konlarini talon qildi, shundan so‘ng ular politsiya bilan to‘qnashdi.

Hujum oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi. Milliy gvardiyaning 3 nafar harbiy xizmatchisi va 5 nafar fuqaro hujumlar qurboniga aylangan. 12 nafar politsiyachi va 7 nafar harbiy xizmatchi jarohatlangan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Aqto‘bedagi maxsus operatsiyalar natijasida 18 nafar jinoyatchi yo‘q qilingan, to‘qqiz nafari qo‘lga olingan.

Top