11:39 / 03.07.2016
5910

Belarusda Mustaqillik kuni nishonlanmoqda

Bugun, 3 iyul kuni Belarusda Mustaqillik kuni nishonlanmoqda.

Mazkur voqea Belarusning eng muhim bayrami sanaladi va har yili 3 iyulda nishonlanadi. 

Belarusda 1991 yildan boshlab Mustaqillik kuni avvaliga 27 iyul sanasi— 1990 yil respublika suvereniteti haqidagi deklaratsiya qabul qilingan kunda nishonlangan.  Biroq 1996 yil respublika referendumi doirasida Belarus Mustaqillik kuni 3 iyul —  Minsk shahri vermaxtlar bosqinidan ozod bo‘lgan sanada nishonlanadigan bo‘ldi.  

Mustaqillik kunida Minskda turli bayramona tadbirlar o‘tkaziladi. Mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenko erta tongda Minsk garnizonining harbiy paradini kuzatishi kutilmoqda. 

Paradda 130ga yaqin harbiy texnika vositalari, jumladan, Ikkinchi jahon urushi davridagi T-34, IS-2 tankalari,  SU-100 o‘ziyurar artilleriya, BM-13 "Katyusha" reaktiv tizimi ishtirok etadi. Shuningdek, urushdan keyingi texnikalar — T-55, PT-76, BMP-1 tankalari ham namoyish etiladi. Zamonaviy texnikalardan esa  T-72B, BMP-2, BRT-80, SAU "Gvozdika", RSZO "BelGrad" va "Smerch" tankalari chiqish qiladi.

Havoda 29 samolyot va 15 vertolyot — Mi-2, Mi-24, Mi-8, An-26, Yak-30, MiG-25, MiG-29, Il-76, L-39 uchiriladi. 

Rossiya Federatsiyasining Su-34 va Su-30 qiruvchi havo kemalari, shuningdek,   Ka-52 harbiy vertolyotlari parvoz qiladi.

Lukashenko Mustaqillik kuni sharafiga tashkil etilgan tantanali yig‘ilishda Belarus o‘z mudofaasini mustahkamlashini qayd etdi.

"Biz tahdid, qo‘rqitish, sanksiya va bombalar tashlash bilan hech bir muammo tuguni yechilmasligiga ishonch hosil qildik", — dedi u.

Mustaqillik tantanasi 3 iyul kechasida bayram salyuti bilan yakunlanadi. 

Top