08:50 / 07.07.2016
7273

Ronaldu: Portugaliya terma jamoasi -  Krishtianuning jamoasi emas

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Yevropa chempionati yarim finalida Uelsga qarshi kechgan va 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yindan keyingi fikrlarini bildirib o‘tdi.

«Men hamisha Portugaliya bilan yirik turnirda g‘olib chiqishni istab kelganman. O‘z mamlakating sharifini himoya qilish — hamisha alohida ish. Men hozir terma jamoa bilan Yevropa chempionligini qo‘lga kiritmoqchiman. 2004 yili finalda Gretsiyaga qarshi o‘ynagandim, o‘shanda 18 yoshda edim, deyarli bola… Hozir men tajribali, futbolda ko‘p narsani ko‘rgan futbolchiga aylandim. Men o‘zimga va terma jamoaga ishonaman. O‘ylaymanki, biz finalga chiqishga haqlimiz — futbolchilar ham, murabbiylar ham, jamoa xodimlari ham va albatta bizning muxlislarimiz ham.

Portugaliyani finalda kutganlar kam. Endi biz hayotimizdagi eng katta orzulardan biriga erishishimiz mumkin. Men bu mavsumda jamoam bilan Yevropa chempionlar ligasini yutdim. Yevropada yana bir bor g‘olib bo‘lishni istayman. Bizda ajoyib jamoa yig‘ilgan. Ha, jamoa. Men bu jamoaga qo‘limdan kelgancha yordam beryapman, undan ko‘pmas. Hujumda ham, himoyada ham sheriklarim va muxlislar uchun kurash olib boryapman. Portugaliya — bu Krishtianuning jamoasi emas. Jamoaning boshqa futbolchilari ham Yevro davomida gol urishdi. Bugun men birinchi bo‘lib gol urdim, lekin bu hech narsani anglatmaydi», — deya Ronalduning so‘zlarini keltiradi «Chempionat».

Finalga chiqqan Portugaliya 10 iyul kuni Germaniya — Fransiya jamoalari o‘rtasidagi ikkinchi yarim final juftligi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi.

Manba: Tribuna.uz

Top