14:05 / 08.07.2016
7605

Time: NATOning Varshava sammiti «sovuq urush»dan keyingi eng muhimidir

8 iyul kuni Polsha poytaxti Varshavada boshlanadigan NATO sammiti, alyansning «sovuq urush» davridan keyingi eng ahamiyatli anjumanidir, deb yozmoqda Time jurnali. 

Sammit kun tartibidan ko‘plab murakkab masalalar o‘rin olgan: Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishi, Rossiya bilan munosabat, muhojirlik inqirozi, IShIDga qarshi kurash shular jumlasidan. 

YeI va NATO vositasida mustahkamlangan Umumiy Yevropa loyihasi «Ikkinchi Jahon urushidan keyingi eng yirik g‘oya bo‘lgan edi: agar yevropaliklar hamkorlik qilsa, bir-birini o‘ldirmasligi taxmin qilingandi», — deydi AQShning NATO Kengashidagi sobiq doimiy vakili Ivo Daalder. 

Brexit esa, asosiy hamkorlardan biri loyihadan chiqishga qaror qilganiga oid birinchi holat bo‘ldi.

 «Agar shunday davom etadigan bo‘lsa, Yevropa siyosatida milliy manfaatlar umumiy manfaatlardan ustun kela boshlaydi. Va buning oqibati nima bilan tugashini ikkita Jahon urushi tarixini o‘rganib anglash mumkin», — deb hisoblamoqda Daalder.

Ammo, Brexitsiz ham NATO Rossiya bilan chegaralarda uchinchi Jahon urushi xavfi ortayotganini muhokama qilishi lozim edi, deb davom etadi Time. RAND Corporation tadqiqotlariga ko‘ra, Rossiyaning Boltiqbo‘yiga bostirib kirishining oldini olish uchun e'lon qilingan 4ta batalon emas, balki 7ta brigada kerak bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Rossiyaning yayadroviy arsenalini ham unutmaslik kerak. Bu borada bir necha ming harbiylarni joylashtirish yordam bermasligi aniq. Muallifning fikricha, Oq uy ma'muriyati bu narsani anglagan shekilli, Moskva bilan muloqotni qayta tiklashga urinmoqchi. Biroq, hozircha u prezident Obama muddati poyoniga yetguncha boshlanadimi-yo‘qmi, noma'lumligicha qolmoqda. 

Nima bo‘lganda ham, Rossiya chegaralari yaqinida qo‘shinlarning joylashtirilishi, siyosiy muloqotni tezlashtirmasligi aniq. Aksincha, Rossiya javob choralariga ko‘l uradi, bu bilan Yevropa o‘zini xavfsiz his qilmasa kerak, deya xulosa qiladi nashr. 

Mavzuga oid
Top