13:48 / 09.07.2016
16828

Askar-bolalar: ular halok bo‘lishini tushunmagan holda jang qilishmoqda

Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechmoqda. Jahonning ko‘plab mamlakatlarida yoshlar turli illat va tahdidlar, ijtimoiy saytlarda targ‘ib etilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar ta'siriga tushib qolmoqda. Bugungi tahlikali zamonda jahondagi “askar bolalar” soni 250 mingdan oshib ketgani aytiladi. Ularning o‘rtacha yoshi 10–12 da bo‘lib, jangovar qurollardan foydalanishni atigi 40 daqiqada o‘rganib olishgan. BMT ma'lumotlariga ko‘ra “askar bolalar”ning 40 foizini qizlar tashkil qiladi. Jahondagi qochqinlarning 80 foizi xotin-qizlar va bolalar ekanligi ham tashvishli  holdir.

Tahlilchilarning fikricha, terrorizm bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda. Yaqin Sharq mamlakatlarida bolalar ko‘p hollarda kattalarning vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Ko‘p holatlarda bolalar “qonli teatr”ning tomoshabini emas, balki ishtirokchisiga aylanib  qolmoqda. O‘zini Islom Davlati deya atayotgan terror tashkiloti Iroq hududlarida bolalar mashq lagerlarini barpo etayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu yerda bolalarni nafaqat quroldan foydalanishga, balki ochiqdan ochiq odam o‘ldirishga o‘rgatishmoqda. Ana shunday voqealarga guvoh bo‘lib, lagerdan qochishga muvaffaq bo‘lgan 14 yoshli bolaning so‘zlariga qaraganda, ayni vaqtda lagerda 120 ga yaqin bola tahsil olmoqda. Bolalar, asosan,  bir kecha kunduzda 10 soat mobaynida bir-birlari bilan urishib, jismoniy mashq o‘tkazar ekan. Yaqinda Islom Davlati e'lon qilgan tashviqot videoroligida bolalarning mashq qilayotgani namoyish etildi. Unda eng yosh terrorchi 5 yoshda ekani oydinlashadi.

Tarixiy manbalarda qayd qilinishicha, bolalar qadimgi asrlardayoq harbiy harakatlarda ishtirok etgan. O‘rta asrlarga kelib, 14 yoshga to‘lgan bolalar ritsarlarga yordamchi bo‘lib, ularning qurollarini tozalab, tunggi qorovullikda turgan. 18-19-asrlarda 8 yoshga to‘lgan bolalar harbiy kemalarda to‘plarni o‘qlash bilan shug‘ullangan. 19 asrga qadar 10 yoshga to‘lgan bolalar turli mamlakatlarning armiyalarida barabanchi sifatida xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushi oxirlarida fashistlar 14 yoshga to‘lgan bolalarni “ko‘ngilli” sifatida jangovor harakatlarda ishtirok etishiga ruhsat berdi. Qizil armiya saflarida ham fashistlarga qarshi urushda asosan yetim bolalardan iborat “polk o‘g‘illari” bo‘lgani haqida kitoblarda o‘qiganmiz. Katta sovet ensiklopediyasida 1941-1945 yilgi urushda ishtirok etgan 35 mingdan ortiq o‘quvchi jangovor orden-medallar bilan taqdirlangani aytiladi. Bundan tashqari partizan otryadlarida ham bolalar bo‘lgani hech kimga sir emas. Ikkinchi jahon urushidan keyin bolalarga nisbatan talablar o‘zgardi. 1949 yil 12 avgustda qabul qilingan Xalqaro qurolli mojarolar qurbonlarini himoya qilish haqidagi Jyeneva Konventsiyasining Birinchi protokoliga qo‘shimchada, 1977 yil iyunida qabul qilingan Qo‘shimcha protokolda 15 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarning qurolli mojarolarda ishtirok etishi qat'iyan taqiqlanadi. 1995 yilda BMT Bosh kotibi turli mamlakatlar hukumatlari va nohukumat tashkilotlari bilan birgalikda “18 yoshdan kichik bolalarni harbiy xizmatga chaqirish va ularni har qanday qurolli mojarolarga jalb qilishni taqiqlanishi borasida chaqiriq bilan chiqdi. Ammo bugungi kunda ko‘plab mamlakatlarda bolalar hamon jangovor harakatlarda ishtirok etmoqda. Ayniqsa, Afrikadagi mamlakatlarda davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlarga bolalarning jalb qilinayotgani ayanchli va achinarlidir.

“Askar-bolalar” Afrikadagi “dahshatli kasallik” ekani tan olinadi. Masalan, Serra-Leoneda fuqarolar urushi davomida 8 mingga yaqin kishi “askar-bolalar” tomonidan o‘ldirilganini nima bilan oqlash mumkin? 2008 yilda Kongo Demokratik Respublikasidagi barcha harbiy guruhlar shaxsiy tarkibining teng yarmi, ya'ni 30 mingga yaqinini balog‘atga yetmaganlar tashkil qilgan. Ugandada esa “Qarshilik ko‘rsatish armiyasi”ning 70 foizi  bolalar va o‘smirlardan iborat bo‘lgan. Mamlakatdagi qotillik va zo‘ravonliklar kattalar qo‘lidan qurol va saboq olgan bolalar tomonidan sodir etilgan. Ulardan ayrimlarining yoshi 8 da ekani aytiladi. Bu mamlakatda bolalar qishloqlarga hujum vaqtida jangarilar tomonidan o‘g‘irlanar va kallakesarlar guruhida turib jang qilishga majbur etilardi. Bo‘ysunmaganlar esa shavqatsizlarcha o‘ldirilardi

Somali Inson huquqlari bo‘yicha Markaz vitse-prezidenti Ali Shayx Yosinning so‘zlariga qaraganda, hukumat kuchlarining 20 foizini, “Jamoat Ash-Shabaab” guruhi jangarilarning 80 foizini bolalar tashkil qilgan. Somalida bolalar o‘z tengdoshlari bilan urushmoqda. Radikal jangarilar bu mamlakatda o‘z saflariga bolalar va qizlarni jalb qilmoqda. “Al-Shabab”ning ma'nosi ham “yoshlar” demakdir.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, bolalarning qo‘lga qurol olishi bo‘yicha Somali birinchi o‘rinda turadi. Chunki bu mamlakatda bolalar nima bilan shug‘ullanishni bilishmaydi. 1991 yilda Somali hukumati mamlakatni tark etganidan so‘ng yosh avlod vakillari ko‘chada qoldi. Bolalarning ko‘pchiligi hech qachon maktab eshigidan xatlab o‘tmadi. Somalida askar bolalar ko‘p vaqti harbiy xizmatda bo‘lgani uchun emas, balki maktab mutlaqo yo‘qligi uchun ham o‘qishdan bebahraligicha qolmoqda. Dam olish maskanlari nima ekanligini umuman bilishmaydi. To‘yib ovqat yemaydigan bolalar soni ham oshmoqda.

Dushman tomon shubhalanmasligi uchun bolalar ko‘p hollarda razvedka ishlarida va pistirma qo‘yishda foydalanilgan. Janglar oldidan qo‘rqmasliklari uchun ayrim hollarda bolalarga giyohvand moddalar va spirtli ichimliklar beriladi. Tahlilchilarning fikricha, bolalar uylariga qaytmasligi uchun ularga qarindoshlari va qo‘shnilaridan birini o‘ldirish topshiriladi. Bu ishga qo‘l urgan bola hech qachon uyga qaytmasligi aniq. Jangarilar yosh qizlardan xotin va jangchi sifatida ham foydalanishadi.

Myanmada 1997 yilda tashkil etilgan qurolli guruhga 9 yoshli aka-uka egizaklar Jonni va Lyuter Xtular rahbarlik qilgan edi. BMT jinoyat sodir etgan bolalarga huddi kattalar singari jazo qo‘llash maqsadga muvofiq emasligini aytib keladi. Xalqaro tashkilotlar hukumatlarga murojaat qilib “askar bolalar”ni jangarilarning sherigi deb emas, balki qurolli to‘qnashuvlar qurbonlari sifatida ko‘rilishini tavsiya qilmoqda. Biroq qurolli to‘qnashuvlar tugagan mamlakatlarda “askar-bolalar”ning tinch hayotga ijtimoiy moslashuvi qiyin kechmoqda. Jangarilar qurolsizlantirilganidan so‘ng “askar bolalar”ning oilasini qidirib topishdek murakkab vazifa turadi. Bolalar o‘zlarini aybdor sanaganlari bois jamiyatga moslashuvida muammolar bilan to‘qnash keladi. Amerika psixologlarining fikricha, urush vaqtida bolalar tezda ulg‘ayar    ekan.

BMTning Bolalar jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilliklarda jahonning turli “qaynoq nuqta”larida 2 millionga yaqin bola halok bo‘lib, 6 million bola jiddiy jarohat olgani tufayli nogiron bo‘lib qolgan. Halok bo‘lganlarning salkam yarim millioni askar-bolalardir. Manbalarda Markaziy va G‘arbiy Afrika mamlakatlarida har o‘nta bolaning bittasi u yoki bu qurolli guruhning a'zosi ekani aytiladi.

YuNeSKO Shri Lankadagi ayirmachilarning “Tamil Ilama ozodlik yo‘lbarslari” tashkiloti rahbariyatiga murojaat qilib, jangovor harakatlarda bolalardan foydalanish amaliyotini to‘xtatishga chaqirdi. Ammo 2002 yilda o‘t ochishni to‘xtatish borasida erishilgan bitimdan so‘ng Tamil janggarilari o‘z saflariga 5 ming 400 ga yaqin bolani jalb qildi. Ko‘rinib turibdiki, “Ozodlik yo‘lbars”lari  saflarida 10 mingga yaqin jangari bo‘lsa, ularning teng yarmini bolalar tashkil qilmoqda.

Tahlilchilarning fikricha, avtomat qurollarni ishlatish osonlashgani bois undan bolalarning foydalanishida deyarli qiyinchiliklar uchramayapti. “Askar-bolalar” insoniy qadr-qimmat degan tushunchaning nimaligini bilmagan holda qo‘liga qurol olayotgani achinarli, albatta. Jangarilarning yosh bolalardan foydalanishi nisbatan arzonga tushadi. Xalqaro Mehnat tashkiloti mutaxassislarining fikricha, Markaziy Afrikadagi “askar-bolalar”ning 94 foizi hech qachon qo‘lida pul ushlamagan. Bolalar qurol va avtomatlardan boshqa hech narsa talab qilmaydi.

Afrikaning ayrim mamlakatlarida ota-onalar jangarilarning bosqinidan qo‘rqib bolalarini o‘z ixtiyorlari bilan ularga berib yubormoqda. Chad, Sudan kabi mamlakatlarda ham bolalar yoshligini xarob qilib, qo‘lda qurol bilan kimlarningdir manfaati uchun kurashmoqda, qurbon bo‘lmoqda. Chadda bolalar hukumat kuchlari saflarida ham, hukumatparast qurolli guruhlarda ham, qishloqlardagi o‘zini mudofaa qilish otryadlarida ham xizmat qiladi. Afg‘onistonda kambag‘al ota-onalar farzandlarini qurolli guruhlar safiga jo‘natishga majbur bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, bolalarda o‘limga nisbatan qo‘rquv hissi yo‘q. Ular o‘zlarini kimdir o‘ldirishi mumkinligini bilmagan holda jangga kiradi. Ular dasturxon atrofida oila a'zolari - ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari bilan suhbatlashish o‘rniga qo‘lda qurol bilan odamlarni o‘ldirmoqda.

Bolalarning qurolli mojarolarda ishtirok etayotgani xalqaro huquq normalarining qo‘pol suratda buzilayotganidan dalolatdir.

Harbiy mojarolar davom etayotgan mamlakatlarda bolalar urushni oddiy ko‘rinish sifatida qabul qilishga o‘rganib qolgani fojia emasmi? Qurolli mojarolardagi bolalarning ayanchli taqdiri uchun kim javob beradi?

Shukrki, O‘zbekistonimizda tinchlik, xotirjamlik. O‘q ovozlari eshitilmaydi. Musaffo osmonimizda quyosh porlab turibdi. Oziq-ovqat, toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar yo‘q. Bolalar shodu xurramlikda bog‘cha, maktabga borishadi. Xohlagan o‘yinchoqlarini o‘ynab, kitob o‘qishlari, film ko‘rishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining ta'lim olishi, o‘z qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb-hunar egallashi, mehnat qilishi, ijodiy-intellektual qobiliyatini namoyon etishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori navqiron avlodning jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etishini ta'minlash, o‘z bilimlarini mustahkamlashida muhim omil bo‘layotir.

Mamlakatimizda farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar navqiron avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda yuksak samaralar bermoqda.

 Sharofiddin To‘laganov

 

Top