08:13 / 09.07.2016
6079

Tayvanga kuchli to‘fon yopirildi

8 iyul ertalabki payt Tayvanning sharqiy sohillariga "Nepartak" to‘foni yopirildi. To‘fon ko‘plab vayronagarchiliklar keltirib chiqardi va minglab odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qildi. To‘fon mahalliy vaqt bilan soat 05:50da boshlanib, shamol tezligi 234 km/soatni tashkil qilgan, deb xabar bermoqda The Guardian.

Yomon ob-havo sharoiti tufayli bir kishi halok bo‘ldi, 60 dan ko‘proq odam jarohat oldi. Bundan tashqari, 270 ming uy elektr ta'minotisiz qolib ketgan.

Tayvan ob-havo markaziy byurosida to‘fon yana bir necha soat davom etishi ma'lum qilingan hamda odamlarga kuchli jalalarga tayyorgarchilik ko‘rish tavsiya qilingan. Ob-havo mutaxassislari prognozlariga ko‘ra, Tayvanga 500 mm yog‘ingarchilik tushadi va bu ko‘chkilarga olib kelishi mumkin.

To‘fon, shuningdek, Filippin yonidan o‘tdi, bu yerda hukumat odamlarga dengizdan iloji boricha uzoqroq qolishni tavsiya qilgan.

Ayni vaqtda to‘fon Xitoyning qit'a qismi shimoliga tomon yo‘nalmoqda, u bu yerga 9 iyul ertalabki payt yetib kelishi mumkin.

Top