Yaponiya o‘z armiyasiga ega bo‘lishi mumkin
10 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Yaponiyadagi parlament saylovlarida bosh vazir Sindzo Abe boshchiligidagi hukmron koalitsiya g‘alabaga erishdi. Liberal-demokratik partiya 55, o‘ngmarkazchi «Komeyto» partiyasi esa 14 mandat oldi. Bu g‘alaba Sindzo Abega qarshilikka uchramasdan iqtisodiy islohotlar o‘tkazish va mamlakat konstitutsiyasni o‘zgartirish bo‘yicha referendum o‘tkazish imkonini beradi. Bu haqda The Japan Times xabar tarqatdi.
Saylovda davomat 54,7 foizni tashkil qildi. Bu avvalgi saylovdan 2 foizga ko‘p. Abe koalitsiyasi 69 o‘rindan 55tasini qo‘lga kiritgach, istalgan qonun loyihasini qabul qilishi mumkin bo‘ldi.
Ovoz berishda ilk bor 18—19 yoshli saylovchilar ishtirok etdi. Ular o‘tgan yili saylov haqidagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritilgach shunday huquqqa ega bo‘ldi.
Bosh vazir o‘zining bosh maqsadi sifatida "Abenomika" deb atalgan iqtisodiy siyosat yuritishni aytib o‘tgan. So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, saylovchilarning katta qismi aynan shu g‘oyaning samaradorligiga ishonch bildirgan holda uni qo‘llab-quvvatlagan.
Shuningdek, Abeda referendum orqali mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirish imkoni mavjud. Plebistsitlar Yaponiya armiyasi tashkil etilishi tarafdori hisoblanadi. Tokio Xitoyning harbiy qudrati ortishi hamda KXDR raketa sinovlarini o‘tkaza borishi ortidan zarur choralar ko‘rishiga to‘g‘ri kelmoqda. Ikki qo‘shni mamlakat bilan ham Yaponiya tarixan ziddiyatlarga ega.
Ikkinchi jahon urushida mag‘lub bo‘lganidan keyin Yaponiyaning alohida armiyaga ega bo‘lishi cheklangandi. Konstitutsiyaning to‘qqizinchi moddasida bu qayd etilgan.
Yaponiya hududida amerikalik harbiylar joylashtirilgan. Ular mamlakat xavfsizligini ta'minlashi kerakligi belgilangan.
Shu bilan birgalikda, Yaponiyada o‘z-o‘zini mudofaa qilish kuchlari mavjud. O‘z ichiga quruqlik qo‘shinlari, dengiz kuchlari va aviatsiyani oluvchi bu tuzilma tarkibida 248 ming kishi xizmat qiladi. 2015 yilning sentabrida parlament bu tuzilma kuchlari mamlakat tashqarisidagi harbiy harakatlanishi mumkinligini tasdiqlagandi.