20:49 / 12.07.2016
15118

Okean to‘lqinlaridan elektr energiya olinmoqda

Yevrokomissiya va Yevropa Investitsiya banki (YeIB) Portugaliyada okean to‘lqinlaridan elektr energiyasi olish maqsadlari yo‘lida 10 million yevro ajratadigan bo‘ldi. Bu borada Yevrokomissiya rasman bayonot tarqatgan.

Mablag‘lar bu sohada anchadan beri faoliyat yuritib keladigan Finlyandiyaning AW-Energy kompaniyasiga beriladi. Aynan mana shu kompaniya to‘lqinlarda energiya  yaratish texnologiyalariga ega. 

Bu kabi texnologiyalardan foydali ishlarda, ya'ni sho‘r suvlarni chuchuklashtirish, suvlarni rezervuarlarga yuborish maqsadlarida foydalanish mumkin. Mutaxassislarning fikricha, hozircha to‘lqinlar quyosh energiyasi darajasida energiya bera olmaydi. Biroq boshqa muqobil energiyalarga qaraganda ko‘proq energiya bera oladi. Masalan shamolga nisbatan to‘lqin kuchli ekani aytiladi. Hozircha to‘lqinlardan elektroenergiya yaratish keng ommalashmagan. Bugungi kunda faqat eksperimental tadqiqotlar o‘tkazilmoqda, xolos. To‘lqinlar energiyasidan kemalar harakati maqsadlarida ham foydalanish mumkin. Okean sohillarida joylashgan mamlakatlar, jumladan Buyuk Britaniya va Irlandiya foydalanadigan umumiy elektr energiyasining 5 foizi to‘lqinlardan olishi mumkinligi o‘rganilmoqda. Buyuk Britaniyada Oyster deb nomlangan generator mavjud. To‘lqindan elektr olish imkoniyatlari shuningdek, Shimoliy, Janubiy Amerika, Avstraliya, Janubiy Afrika  va Yangi Zelandiyada yuqori hisoblanadi. 

Jahondagi birinchi to‘lqin elektrostansiyasi Portugaliyaning Agusadora tumanida okeandan 5 kilometr uzoqlikda qurilgandi. U rasman 2008 yilning 23 sentabrida ish boshlagan. Mazkur elektrostansiyaning quvvati 2,25 MVt bo‘lib 1 ming 600ta xonadonni elektroenergiya bilan ta'minlashga qodir. Aslida bu elektrostansiya 2006 yilda ishga tushirilishi kerak edi. Ammo bir qator murakkabliklar tufayli foydalanish ikki yilga kechikib ketdi.

Elektrostansiya Shotlandiyaning Pelamis Wave Power kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Bu kompaniya 2005 yilda Portugaliyaning Enersis energetika kompaniyasi bilan to‘lqin elektrostansiyasini qurish borasida shartnoma imzoladi. Shartnoma narxi 8 million yevroga teng bo‘lib, elektrostansiya suzib yuruvchi uchta qurilmadan iborat.

AQSh va Yevropa Ittifoqi bu sohani rivojlantirisha yuz millionlab yevro ajratmoqda. Germaniyada bu turdagi elektrostansiya qurish uchun ruxsat dengiz va gidrografik Federal agentligidan olinadi. 

Tahlilchilarning fikricha, to‘lqin elektrostansiyasi portlarni muhofaza qiluvchi, to‘lqin qaytaruvchi vazifalarni ham bajaradi. 

Bugungi kungacha okean to‘lqinlari vayronagarchilik keltirardi. Endi esa ulardan maqsadli foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

Mutaxassislar doimiy suratda to‘lqin elektrostansiyasi konstruksiyalarini takomillashtirish ustida bosh qotirib keladi. Avstraliyaning Energetech kompaniyasi tomonidan Sidneydan 240 kilometr janubda quriladigan elektrostansiya 11 qavatli turar-joy binosi balandligicha bo‘lib, noyobliligi bilan ajralib turadi. 

Mutaxassislar to‘lqin elektrostansiyasi kelajagiga katta umid bilan qarashmoqda. Buyuk Britaniyaning Kornuoll yarim oroli sayyohlarning sevimli maskani hisoblanadi. Endilikda bu yer yanada mashhur bo‘ladi. Chunki, yarimoroldan 15 kilometr uzoqlikda to‘lqin elektrostansiyasi qurilmoqda. Buning uchun hukumat tomonidan 21,5 milliard funt sterling ajratildi. Elektr energiya kabellar orqali quruqlikka yetkaziladi. Yaqin-yaqingacha muqobil energiya deyilganda shamol va quyosh energiyasi tushinilar edi. Okean energiyasidan deyarli foydalanilmasdi. Endi vaqt o‘zgarmoqda. Jahonda okeanlardan ekologik xavfsiz bo‘lgan energiya yaratish tarafdorlari ko‘payib bormoqda. Qarorgohi Kanadada joylashgan Finavera energetika firmasi rahbari Jyeyson Bakning aytishicha, okeandan energiya olish fursati yetib keldi. U o‘z so‘zida korxonasi mijozlarga toza energiya yetkazib berish imkoniyatlariga ega  ekanini eslatib o‘tdi. 

Okean to‘lqinlari shamol va quyosh singari insoniyatning energetikaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga shubha yo‘q. 

Sharofiddin To‘laganov tarjima qildi

Top