16:15 / 20.07.2016
4087

Xitoyda kuchli yomg‘irlar yana 13 kishini hayotdan olib ketdi

Xitoyning 6ta provinsiyasida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibati kamida 13 kishi halok bo‘ldi, yana 62 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda China News Service agentligi xabar bermoqda.

Noqulay ob-havo tufayli xavfning eng yuqori — «qizil» darajasi e'lon qilingan.

18 iyulda boshlangan yomg‘irlar tufayli Xebey, Shansi, Shandun, Xenan, Shensi hamda Gansu provinsiyalaridagi 35 shahar va 131 uyezd jabrlangan.

Xebey provinsiyasining ma'muriy shahri – Shitszyachjuanda 13ta yer osti o‘tish yo‘llari suv bilan toshgan. Tsisyan uyezdida 500 millimetr yog‘ingarchilik bo‘ldi. Mahalliy hukumat rasmiylari aholiga zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Shuningdek, aholi tog‘li hududlarda yer ko‘chishi xavfi bilan ogohlantirildi.

Xebey provinsiyasi rasmiylari 67,2 mingdan ziyod aholini evakuatsiya qilgan. Pekin rasmiylari ham yog‘ingarchilik tufayli xavfning «sariq» darajasini e'lon qildi.

Tabiiy ofatlar ta'sir qilgan kishilar soni 1,73 million nafardan ortgan. 68 ming kishi evakuatsiya qilingan. 1200 mingdan ortiq bino vayron bo‘lgan, yana 4,3 ming bino turli darajada talofat ko‘rgan. Mamlakat iqtisodiga yetkazilgan zarar 840 mln yuanga baholanmoqda (126 mln dollar atrofida). 

Noqulay ob-havo poytaxtdagi Shoudu xalqaro aeroportining faoliyatiga ta'sir ko‘rsatgan. Ayni vaqtgacha 200 aviareys qoldirilgan yoki butunlay bekor qilingan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi tabiiy ofatlar tufayli halok bo‘lganlar soni 237 kishini tashkil qilmoqda, yana 93 nafari bedarak ketgan deb hisoblanmoqda.

Ma'lumot uchun, Xitoyda tabiiy ofat xavfini ogohlantirishning to‘rt darajasi joriy etilgan. Unda o‘sib borish darajasiga ko‘ra ko‘k, sariq, to‘q sariq va qizil ranglar bilan belgilanadi.

Top