10:51 / 21.07.2016
6686

Erdo‘g‘an: YeI Turkiyaning ichki ishlariga aralasha olmaydi

Foto: Reuters

Turkiya mamlakatda xavfsizlikni ta'minlash borasida navbatdagi qadamlarni tashlashda davom etadi va Yevropa Ittifoqi bunga qarshilik ko‘rsata olmaydi. Bunday pozitsiya Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan Al Jazeera telekanali efirida bildirildi.

"YeI - butun dunyo emas, atigi 28 mamlakat", deya Yevroittifoqning bir qator mamlakatlari tomonidan Turkiyada o‘lim jazosi tiklanishi borasidagi tanqidiga javob qaytargan u.

"Biz 53 yildan buyon ularning eshigini qoqamiz, ular esa bizga kutish kerakligini aytib, boshqalarni qabul qilishda davom etdi" deya qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.

"Agar Yevroittifoq demokratiyani hurmat qilsa, xalq istagini qabul qiladi", — degan Erdo‘g‘an.

U, shuningdek, parlament o‘lim jazosini kiritishga qaror qilsa, buni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlagan.

Turkiyada oxirgi marta o‘lim jazosi o‘tgan asrning 80-yillarida amalga oshirilgandi. Jazoning bu turi 2004 yilda bekor qilingan.

Turkiyadagi harbiy to‘ntarishdan so‘ng Erdo‘g‘an mamlakatda o‘lim jazosi tiklanishi mumkinligi haqida aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga munosabat bildirgan xalqaro tuzilmaning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini xonim bu Turkiyaning Yevroittifoqqa qo‘shilishini imkonsiz qilib qo‘yishini aytdi.

Shuningdek, 18 iyul kuni Avstriya TIV rahbari, YeIning tashqi ishlar masalalari bo‘yicha kengashi rahbari Sebastyan Kurts Turkiyada o‘lim jazosi tiklansa, bu mamlakat YeI a'zoligiga qabul qilinmasligini bildirdi.

"Biz Turkiyadagi isyonni qoralaymiz. Lekin hukumat bunday usulda qasos olmasligi kerak. Ommaviy hibsga olishlar "yalpi tozalash" boshlanganini ko‘rsatmoqda", degan Italiya TIV rahbari Paolo Jyentiloni.

Top