Jahon | 17:46 / 22.07.2016
7986
3 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anning harbiy to‘ntarishga qaytarayotgan munosabati aksilto‘ntarishga o‘xshamoqda

Foto: AFP

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning mamlakatdagi harbiy to‘ntarishga bo‘lgan munosabati aksilto‘ntarishga o‘xshab ketmoqda. Bu haqida The Guardian nashrida maqola yozilgan

Manbaning yodga solishicha, bir hafta ilgari yuz minglab odamlar harbiy to‘ntarish harakatiga qarshilik qilish maqsadida Turkiya ko‘chalariga chiqishgandi. Biroq endi hukumat Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining ta'sirini vaqtinchalik bekor qilganidan hamda mamlakatda olti oylik favqulodda holat e'lon qilinganidan so‘ng ba'zilar o‘ylanib qoldi. Zero, bunday vaziyat Erdo‘g‘anga parlament bilan maslahatlashmay davlatni boshqarish imkonini beradi. Qatag‘on nafaqat liberal demokratiya prinsiplarining saqlanishi, balki mamlakat barqarorligi va iqtisodiyoti uchun ham hech qanday foyda bermaydi. 

Erdo‘g‘anning tarafdorlari u kabi favqulodda holat e'lon qilgan Fransiyaga ishora qilishmoqda hamda bu demokratiya tahdidi emasligini ta'kidlashmoqda. Biroq, Turkiyada ro‘y berayotgan voqealar Fransiya prezidenti Fransua Olland yo‘lga qo‘ygan chora-tadbirlardan ancha farq qiladi. Keng ko‘lamli tozalash ishlari doirasida turk hukumati turli kasbdagi o‘n minglab kishilarni hibsga oldi va ishdan chetlatdi. Mamlakatni oldinda bundan-da ko‘p qatag‘onlar kutib turgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. 

Manbaga ko‘ra, Erdo‘g‘an faqatgina kuchning radikal namoyishi orqali hukumatning zaif tizimini mustahkamlashi mumkin deb hisoblaydi. Ichki tartibsizliklar natijasi hozirdanoq ayon - turk lirasining qadri hamda Istanbul birjasining fond indeksi pasaydi, qarz masalasida ham vaziyat yomonlashdi.

NATO uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Injirlik aviabazasi faoliyati to‘xtatib qo‘yilgandan keyin ittifoqdoshlar bilan munosabatlar qanday tus olishi xali noma'lum. 

Hozircha Erdo‘g‘anning harakatlari tushunarsiz, u harbiy to‘ntarishga urinishdan anchadan beri mo‘ljallab yurgani - mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish maqsadida foydalanadimi yoki yo‘q, bunisi noma'lum. Agar shunday bo‘lgan taqdirda, bu unga o‘z hukmronligini kuchaytirish imkonini beradi.