19:07 / 29.07.2016
13596

“O‘rmon qirollari” tunggi ovchilarga aylanib bormoqda

29 iyul - Xalqaro Yo‘lbarslar kuni. 

Mazkur sanani nishonlash borasidagi qaror 2010 yilda bo‘lib o‘tgan Yer yuzida yo‘lbarslarni saqlashga qaratilgan xalqaro anjumanda qabul qilingan edi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad jamoatchilik e'tiborini yo‘lbarslarning yo‘qolib ketishi va ularni himoya qilish bilan bog‘liq muammolarga qaratishdan iborat. Yo‘lbarslar xalqaro muhofazaga olingan bo‘lib, “Qizil kitob”ga kiritilgan. 1947 yildan beri yo‘lbarslarni ovlash butunlay taqiqlangan.

Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida  bosilgan maqolada qayd qilinishicha, Himolay tog‘larida hayot kechiruvchi yo‘lbarslar tunggi hayvonlarga aylanib bormoqda ekan. Tadqiqotchilarning fikricha, Bengal yo‘lbarslari kunduz kunlari ovchi va mahalliy aholi bilan to‘qnash kelmaslik maqsadida tunda harakat qilishni afzal ko‘rishmoqda. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, yo‘lbarslar, asosan, yovvoyi hayvonlarni ov qilib, ularning go‘shti bilan oziqlanadi. Ayrim hollarda yo‘lbarslarning odamlarga hujum qilishi bilan bog‘liq hodisalar ham uchrab turadi. Tahlilchilar so‘nggi yillarda insoniyat tomonidan o‘rmon va yerlar o‘zlashtirilayotgani bois yo‘lbarslar istiqomat qiladigan hududlar qisqarib borayotganini ta'kidlashadi. Olimlarning chiqargan xulosalariga qaraganda, yashab qolish maqsadida insonlar va yo‘lbarslar uchun bir xil shart-sharoit kerak ekan. Odamlar ham, yo‘lbarslar ham tabiiy resurslar uchun o‘zaro kurash olib bormoqda.
Michigan shtatidagi Ist-Lansing universitetining Tszyango Lyu rahbarligidagi bir guruh zoologlari Nepal hududidagi Chitvan milliy parkida yo‘lbarslarning hayot tarzini o‘rgandilar. Bu parkda 120 ga yaqin yo‘lbars borligi aniqlandi.

Michigan universiteti olimlari insonlar yo‘lbarslarning yashab qolishiga halaqit berishi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganishga qaror qildilar. Buning uchun Chitvan milliy parki hududlariga yuzlab videokameralar o‘rnatildi. Avtomatik moslama yo‘lbarslarni har tomondan suratga olgani bois yirtqich hayvonlarning hayotini chuqur o‘rganishga imkon yaratdi. Olimlarning so‘zlariga qaraganda, insonlarning barmoq izlari bir-biriga mutlaqo o‘xshamagani bois yo‘lbarslarni ham terisining bir biriga o‘xshamagan yo‘lchalari orqali aniqlash mumkin ekan. Olimlar 2 yil davomida yo‘lbarslarning hayot tarzini o‘rganib, ular odamlar yo‘q paytlardagina Chitvan milliy bog‘i hududlarida paydo bo‘lishini aniqladilar. Bu esa yo‘lbarslarni tunggi hayvonlarga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Videokuzatuvlar yo‘lbarslarning kunduzgi faoliyatini deyarli aniqlamadi. Shu sababli ham olimlar “O‘rmon qirollari” Chitvan milliy parkida o‘zlarini noqulay his qilmoqda”, degan fikrga keldilar.

Bugungi kunda “hayvonlar shohi” bo‘lmish yo‘lbarslar Eron shimoli, Afg‘oniston shimoliy mintaqalari va Hindiston yarim orolining shimolida, Nepal, Birma, Tailand, Yava yarim oroli, Bali orolida, shuningdek, shimoliy-sharqiy va janubiy Xitoyda hamda Koreya yarim orolining shimolida istiqomat qilmoqda.

So‘nggi 10 yilda yo‘lbarslar soni 40 foizga qisqarib ketdi. Shu sababli ham yo‘lbarslar xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan.   Ayrim mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda yovvoyi tabiatda yo‘lbarslar soni 4 mingtaga yetadi. Hindiston hukumatining ma'lum qilishicha, bugungi kunda mamlakat hududlarida 3 ming 100 tadan 4 ming 500 tagacha yo‘lbars bor. Biroq ekspertlar bu ma'lumotga shubha bilan qarashadi. Ularning fikricha, Hindistondagi yo‘lbarslar soni 3 mingtaga yo yetadi, yo yetmaydi. Ayrim mutaxassislar Hindistonda yo‘lbarslar soni 2 mingtani tashkil qilishini aytishadi. Jahon bankining Global Yo‘lbars tashabbuslari ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda jahonda 3 ming 200 ta yo‘lbars mavjud bo‘lib, ulardan mingdan ortig‘i Hindiston, 500 tasi Malayziya, 400 tasi Bangladesh hududlarida istiqomat qiladi. Yo‘lbarslarni Asrash dasturi yovvoyi hayvonlarni 2022 yilga qadar 7 mingtaga yetkazishni ko‘zda tutadi. 

Olimlarning so‘zlariga qaraganda, umuman, mushuksimonlar oilasining eng yirigi deb hisoblanadigan yo‘lbarslarning 9 ta turi mavjud bo‘lib, ulardan 3 ta tur, ya'ni Turon, Bali va Yava yo‘lbarslari mutlaqo yo‘qolib ketgan. Ayni damda yovvoyi tabiatda Amur, Bengal, Malay, Sumatra, Janubiy Xitoy va Hindixitoy yo‘lbarslarini uchratish mumkin.

Shuni ta'kidlash kerakki, Bengal yo‘lbarslari Yer yuzidagi eng yirik hayvonlar toifasiga kiradi. Kattaligi jihatidan u Amur yo‘lbarisiga teng kela olmasa-da, biroq, son jihatidan Bengal yo‘lbarslari boshqa qondoshlariga qaraganda, eng ko‘pdir. Ularni asosan, Hindiston va Nepal hududlarida uchratish mumkin.

Hindixitoy yo‘lbarsi asosan Kambodja, Janubiy Xitoy, Laos, Myanma, Tailand, Malayziya va Vetnam hududlarida uchraydi. Yo‘lbarsning bu turi 1 ming 800 ta ekani aytiladi.

Malay yo‘lbarsi Malayziyaning Malak yarim oroli hududlarida uchraydi. Olimlar yo‘lbarsning bu turi 600 tadan 800 tani tashkil etishini ta'kidlashadi. Sumatra yo‘lbarsi esa 400-500 tani tashkil qilib, asosan, Indoneziyaning Sumatra orolida istiqomat qiladi.

1977 yilda Xitoy hukumati yo‘lbarslarni ovlashni taqiqlovchi qonun qabul qildi. Biroq bu qonun Janubiy Xitoy yo‘lbarsini saqlab qololmadi. Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay, 1994 yilda eng oxirgi Janubiy Xitoy yo‘lbarsi o‘ldirildi. Biroq bugungi kunda yo‘lbarsning bu turining 59 tasi hayvonot bog‘larida saqlanayotgani aytilmoqda.

Eng oxirgi Bali yo‘lbarsi 1937 yilning 27 sentabr kuni Sumbarkama orolining g‘arbiy qismida otib o‘ldirilgan. Mintaqamizda hayot kechirgan Turon yo‘lbarsini o‘tgan asrning 20-yillarida xam uchratish mumkin edi. Bu turning eng so‘nggisi 1970 yilda Turkiyaning Xakkariul viloyatida o‘ldirilgan.
    
Sharofiddin To‘laganov

Top