23:27 / 03.08.2016
4889

Dubayda favqulodda qo‘ngan samolyotning 14 yo‘lovchisi jarohat oldi

Foto: news24.com.

Emirates aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyotining Dubay aeroportiga favqulodda qo‘nishi vaqtida 14 kishi jarohat oldi. Bu haqda kompaniya rahbari shayx Ahmad ibn Said al-Maqtum matbuot-anjumanida ma'lum qildi.

"Yo‘lovchilar orasidan 14 kishi jarohat oldi, ulardan 10 nafari shifoxonani tark etdi. Samolyot qo‘ngandan keyin uning bortida yuz bergan yong‘inni o‘chirish vaqtida olingan jarohatlardan bir o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi", deb ma'lum qildi al-Maqtum.

Shayxning ma'lum qilishicha, samolyot hech qanday texnik nosozliklarga ega bo‘lmagan. U bu voqeadan keyin mutaxassislar tomonidan "samolyot ekipajlarida qo‘nish vaqtida ko‘rish bilan muammolarning yuz berishi variantlari" ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qildi.   

Al-Maqtum samolyotni og‘ir vaziyatga qaramasdan oxirgi bo‘lib tark etgan ekipajning yuqori professionalligini qayd qilib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, Hindistondan kelayotgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 12.45 da Dubay aeroportida qattiq qo‘nishni amalga oshirgan. Samolyotda 282 yo‘lovchi va ekipajning 18 nafar a'zosi bo‘lgan.

Top