09:19 / 04.08.2016
5427

Nemis sayyohlarining Ispaniyaning kurort shahridagi fleshmobi terakt deb qabul qilindi

Ispaniyaning Playya-de-Aro kurort shahrida dam olayotganlar nemis sayyohlari tomonidan uyushtirilgan fleshmobni terakt deb qabul qildilar. Ushbu voqea 2 avgustda sodir bo‘ldi. La Vanguardia nashrining ma'lum qilishicha, hazil sarosima va tiqilinchni keltirib chiqargan, buning oqibatida bir necha kishi jabrlangan.

Matbuot ma'lumotlariga ko‘ra, 200 ga yaqin yoshlar ikki nemisning gapiga kirib, kechki soat 22.00da shahar markazida mobil telefonlar, videokameralar, fotoapparatlar va selfi tayoqchalar bilan birga go‘yoki biror mashhur kishini taqib qilayotgandek yugura boshlashgan. Fleshmob baland hayqiriq ovozlari bilan o‘tgan. 

Biroq bu vaqtda gavjum bo‘ladigan sohilbo‘yi ko‘chasidagi odamlar shovqinni eshitib, shaharga terrorchilar hujum qildi degan xayolga borib, qocha boshlaganlar. Oqibatda yuzaga kelgan sarosima vaqtida kamida 11 kishi kichik jarohatlar olgan, bir kishi esa yurak xurujini boshidan o‘tkazgan. Reuters axborot agentligining ma'lum qilishicha, kamida ikki kishi shok holatida shifoxonaga yetkazilgan.  

El Mundo nashrining ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu holat bo‘yicha Germaniyaning 5 nafar fuqarosi hibsga olingan va endi jamoatchilik tartibini buzish aybi bilan sud oldida javob beradi. E'tiborlisi, hisbga olinganlar 20 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qizlar bo‘lgan. Politsiyada bunday qoidabuzarlik uchun 3 oydan bir yilgacha ozodlikdan mahrum etish va jarima solish jazosi ko‘zda tutilgani ma'lum qilingan.  

Fleshmob guvohlarining ijtimoiy tarmoqlarda aytishicha, yaqin atrofdagi restoranlarda ovqatlanayotgan odamlar shovqinni eshitib, polga yotib, stol tagiga berkinib olganlar.  

Ta'kidlanishicha, fleshmobning dastlabki bir necha daqiqasida "112" favqulodda xizmat raqamiga qo‘rqib ketgan odamlardan go‘yoki otishmalar yangragani va nima qilish kerakligi so‘ralib bir necha yuzlab qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan. 

Tez orada Ispaniya politsiyasi trevoga soxta bo‘lganini aytib, odamlarni tinchlanishga chaqirgan. 

Fransiya va Germaniyada sodir etilgan teraktlar ortida odamlarning bunday vahimaga tushishi tabiiy holat sifatida qabul qilingan.

Top