15:07 / 09.08.2016
3917

50 nafar obro‘li respublikachi Trampni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi

AQSh Respublikachilar partiyasining milliy xavfsizlik sohasiga aloqador eng mashhur 50 nafar vakili ularning partiyasidan prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan milliarder Donald Tramp, davlat rahbari bo‘lish uchun zarur bo‘lgan xususiyat va tajribaga ega emasligi ta'kidlangan maktubga imzo chekishdi. Ularning fikricha, u prezident bo‘lsa, mamlakat xavfsizligi va farovonligi xavf ostida qoladi.  

Imzo qo‘yganlar orasida, MRB va Milliy xavfsizlik agentligining sobiq direktori Maykl Hayden, sobiq davlat kotibi o‘rinbosarlari Jon Negroponte va Robert Zellik, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha ikki nafar sobiq kotib Tom Rij va Maykl Chertoff, vitse-prezident Dik Cheynining milliy xavfsizlik masalasi bo‘yicha sobiq maslahatchisi Erik Edelman va boshqalar bor. 

Respublikachi siyosatchi va davlat arboblarining fikricha, Tramp «mamlakat tarixidagi eng o‘ylanmay saylangan prezident bo‘ladi». Ularning ta'kidlaricha, u AQShning ma'naviy obro‘siga zarar keltirishi mumkin. Trampning bayonotlari esa, uning «Konstitutsiyaga ishonishini va huquqiy bilimi saviyasini shubha ostiga qo‘yadi».

Respublikachilarga ko‘ra, Tramp «hayotiy muhim milliy manfaatlar, murakkab diplomatik muammolar, shartsiz ittifoqlar va demokratik qadriyatlar»ni «tushunmasligini bir necha bor namoyish etgan». Ularning aytishicha, bular ham mayli, achinarlisi milliarder «o‘zini o‘nglash, ta'lim olishga umuman qiziqish ko‘rsatmaydi».

«Bizlardan hech kim Donald Trampga ovoz bermaydi», — deb ta'kidlangan maktubda. Shu bilan birga, murojaat mualliflarining qayd etishlaricha, ko‘plab amerikaliklar demokratlar nomzodi Hillari Klintonga ham shubha bilan qarashmoqda. 

Tramp ham o‘z navbatida, partiyadosh raqiblarining murojaatiga javob qaytargan. Uning uqdirishicha, maktub mualliflari, dastlab nima uchun dunyo «tartibsizlikka bu qadar sho‘ng‘idi?», degan savolga javob qidirib ko‘rishlari kerak. Milliarder, Iroqqa bostirib kirish borasida «halokatli qaror qabul qilganlik» aybini ularning zimmasiga yukladi. Bu esa, terrorizmning avj olishiga bosh omillardan biri bo‘lgan. U, shuningdek, Beng‘ozida amerikalik diplomatlarga radikallarning hujumini ham yodga olgan. Buning oqibatida, AQShning Liviyadagi elchisi Kristofer Stivens halok bo‘lgan, — o‘shanda AQSh davlat kotibi vazifasini Trampning hozirgi siyosiy raqibi Klinton xonim bajarayotgan edi. 

Respublikachi nomzod, shuningdek, o‘zining asosiy tanqid qilinayotgan fikrlaridan biri borasida ham to‘xtalgan. U, NATOdagi ittifoqchilari borasida yana bir bor o‘z qarashini bildirib, «boshqa mamlakatlar ham o‘zlarining mudofaasi uchun adolatli haq to‘lashi lozim»ligini uqdirgan. 

The New York Times nashrining e'tirofiga ko‘ra, partiya oliy tabaqasi orasida bunday «oshkora va agressiv» kayfiyatdagi dahanaki jang noyob hodisadir.  Nashrning xotirlashicha, mart oyi o‘rtalarida, respublikachilar partiyasining o‘rta tabaqa vakillari Trampga qarshi shu mazmundagi maktubni e'lon qilgan edi. Biroq, 8-avgust kuni e'lon qilingan murojaatga, shu paytga qadar alamini ichiga yutib yurgan sobiq yuqori lavozimli mulozimlar ham imzo chekishgan.

Top