10:48 / 09.08.2016
6513

Nagasaki hokimi Yaponiya hukumatini tanqid qildi

Foto: Wikipedia/Chris 73

Yaponiyaning Nagasaki shahri meri mamlakat hukumatini, AQSh yadro hujumidan mudofaa tizimlarini shakllantirishda yordam berayotganligi uchun tanqid qildi. U, shimoli-sharqiy Osiyo mintaqasida yadro qurolidan xoli hudud barpo etishga chaqirgan. 

"Yadro qurolini batamom yo‘q qilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlayotgan Yaponiya hukumati yadro hujumidan mudofaa tizimlariga qaramlikni ma'qullamoqda", — deya qayd etgan Nagasaki hokimi Tomixisa Taue, shaharga atom bombasi tashlanganining 71 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida. 

"Bu qarama-qarshilikka barham berish uchun, iltimos, yadrosizlik qoidasini qonunchilik me'yori bilan mustahkamlab, shimoli-sharqiy Osiyo mintaqasida yadro qurollaridan holi hududni barpo etish imkoniyatini ko‘rib chiqing. Aynan shu, yadro hujumlaridan himoya qilish vositalariga qaraganda yadro xavfsizligini ko‘proq ta'minlaydi", — degan fikrni ilgari surgan Taue.

O‘z navbatida, ushbu marosimda ishtirok etgan mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe, dunyoda yadro quroli tarqatilishiga qarshi tartibni joriy qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga hamda mamlakatning "uchta yadrosizlik qoidasi" — Yaponiya hududida yadro quroliga ega bo‘lmaslik, uni ishlab chiqarmaslik va olib kirmaslik qoidasini saqlab qolishga va'da berdi.

Top