15:11 / 10.08.2016
4784

Pokistondagi turk maktablari tarmog‘i rahbariyati o‘zgartirildi

Foto: Flickr

Pokistonda faoliyat yurituvchi PakTurk ta'lim muassasalarining turkiyalik direktorlari o‘zgartirildi. Bunga, rasmiy Anqaraning Fathulloh Gulenga aloqador maktablarni yopishni so‘rab, Islomobodga murojaat qilgani sabab bo‘lgan. Shunday qilib, 28ta maktab rahbarlari vazifasidan ozod etilgan, deb yozmoqda Dawn nashri o‘z manbalariga tayangan holda. 

Avgust oyi boshlarida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Pokistonga tashrif buyurgan edi. U, Pokiston hukumatini Gulen tarafdorlari bilan kurashishda yordam berishga, xususan u bilan bog‘liq barcha maktablarni yopishga chaqirgan edi. Pokiston TIV o‘z navbatida, ikki mamlakat hukumatlari "Turkiya xavotirlariga barham berish maqsadida va o‘quvchilarning akademik ta'limini buzmaslik muhimligini yaxshi tushungan holda aloqada bo‘lib turgan"ini ma'lum qilgandi.

Bunga javoban, PakTurk ta'lim muassasalari rahbariyati Pokiston hukumati maktablar boshqaruvini Turkiya prezidenti ma'muriyati bilan bog‘liq notijorat tashkilotiga topshirishdan o‘z xavotirini izhor qildi. 

Shu bilan birga, nashrning manbasiga ko‘ra, ushbu maktablarda ishlaganlar endilikda Turkiyaga qaytishdan qo‘rqishmoqda. Chunki, Gulen bilan bog‘liq tashkilotda ishlaganlari bois, Vatanlarida ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin. 

Natijada, maktablar boshqaruvi "PakTurk xalqaro ta'lim jamg‘armasi" tashkilotidan Pokistonda ro‘yxatdan o‘tgan "PakTurk ta'lim jamg‘armasi" ixtiyoriga topshirildi. Barchasi Pokiston fuqarolari bo‘lgan 6 kishilik boshqaruv kengashi tashkil etilgan. Maktablarning 28 nafar direktorlari vazifasidan ozod etilib, oddiy o‘qituvchilik darajasiga tushirilgan. 

"PakTurk ta'lim jamg‘armasi" Pokistonning bir necha shaharlaridagi 28 maktabni boshqaradi. Ularda bir yarim ming kishi faoliyat ko‘rsatadi. 11 mingga yaqin o‘quvchi ta'lim oladi.

Top